Niderlandiyalik olimlar daryolar va ko‘llarda ikki mashhur antibiotikning konsentratsiyasini hisoblab chiqdi va ular dunyodagi barcha suvni ifloslaydi degan xulosaga keldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
“Antibiotikning bunday yuqori konsentratsiyasi suvda yashaydigan mikroblarni o‘ldirib yuborishi mumkin. Bu esa oziqlanish zanjirini zararlaydi. Bundan tashqari suvni tozalovchi mikroblarning ishiga ham xalal beradi”, — deydi Neymegen universiteti (Niderlandiya) vakili Rik Oldenkamp.
So‘nggi yillarda kimyogarlar va ekologlar Yevropa va Amerikaning yirik shaharlariga yaqin suvlardan yuqori konsentratsiyali antidepressant va boshqa dorilarni topgan. Bunday dorilar planktonni nobud qiladi, shu bilan birga baliqlarning miyasi anomal tarzda ishlab, o‘zini noodatiy tutishiga olib keladi.
Bunday ifloslanishning manbasi hojatxona hisoblanadi. Chunki ko‘p rivojlangan mamlakatlarda ishlatilmaydigan dori yoki giyohvand moddani hojatxonaga tashlab, ustidan suv tortib yuboriladi. Shu sabab, AQSh rasmiylari yaqinda aholiga “ortiqcha” dori va tabletkalarni kanalizatsiyaga emas, balki politsiya uchastkasidagi maxsus axlat qutisiga tashlashni tavsiya qilgan.
Oldenkamp va uning hamkasblari mana shunday farmakologik ifloslanish atrofdagi tabiatga qanday ta’sir qilishini o‘rganuvchi birinchi katta ko‘lamli loyiha ustida ishlagan. Ular e’tiborini ikkita doriga qaratgan: siprofloksatsin antibiotigi va tutqanoqqa qarshi ishlatiladigan karbamazepin.
Bu dorilarning ikkalasi ham JSST asosiy dorilar ro‘yxatiga kiradi va qariyb o‘ttiz yildan buyon shaytonlash va bakterial infeksiyalar bilan kurashish uchun keng qo‘llaniladi. Dunyoning ayrim mamlakatlaridagi chiqindilarda ularning konsentratsiyasi bo‘yicha olingan ma’lumotlar va shuningdek, 1995-yildan 2015-yilgacha ushbu dori-darmonlarni iste’mol qilish bo‘yicha statistik ma’lumotlardan foydalanib, niderland ekologlari ushbu dorilarning sayyoradagi barcha daryolar va ko‘llardagi konsentratsiyasini hisoblagan.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi ikki o‘n yillikda chuchuk suvli havzalarda siprofloksatsinning miqdori o‘rtacha 10-20 barobarga oshgan.
Vaziyat faqatgina aholisi zich bo‘lmagan Amazoniya va Osiyoning markaziy hududlarida hamda Afrikadagi kambag‘al mamlakatlarda yomonlashmagan.
Hozirda o‘simlik va hayvonot dunyosiga asosiy xavf solib turgan antibiotik bu — siprofloksatsin. Uning konsentratsiyasi allaqachon maksimal darajadan oshib ketgan. Bu holat Rossiya va Kanadaning shimoliy qismlari, Afrikaning ekvatorga yaqin hududlari va Janubiy Amerikadan tashqari barcha daryo va ko‘llarga tegishlidir.
Ekologlarning fikricha, bu dorilarning erkin savdosini cheklash kerak. Chunki odamlar uni shifokorning retseptisiz o‘zlaricha sotib olmoqda va ko‘p hollarda fermalarda tibbiy bo‘lmagan maqsadlarda foydalanmoqda.
Izoh (0)