O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2018-yil 10-iyulga qadar bo‘lgan tahriri 122-moddasiga ko‘ra moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, jinoyat sifatida e’tirof etilgan va belgilangan jazo choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘lgan. Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning amaliyotga tadbiq etilishi haqida Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron sudi sudyasi Ochilov Ulug‘bek Saydirasulovich “Daryo”ga ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasning 2018-yil 9-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-459-son qonuniga muvofiq Jinoyat kodeksining ushbu moddasiga o‘zgartirish kiritilib, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan taqdirda jinoyat deya e’tirof etilishi belgilandi.
Voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagan ohangaronlik Qarshiyev Botir Saxatali o‘g‘li va Karimov Erkin Shokirovichga nisbatan jinoyat ishining sud tergovi ayblanuvchilarning qayerda ekani noma’lum bo‘lgani uchun vaqtincha to‘xtatilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.
Qonunga kiritilgan o‘zgartirish tufayli B.Qarshiyev va E.Karimovlar qilmishining jinoiy xatti-harakat sifatidagi ahamiyati yo‘qolib, ular Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron sudi sudyasi Ochilov Ulug‘bek Saydirasulovichning ajrimi bilan javobgarlikdan ozod etildi.
Izoh (0)