O‘zbekiston Qozog‘istondan yiliga besh million tonnagacha neft yetkazib berilishiga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Kanat Bozumbayev ma’lum qildi, deb yozadi TengriNews.
Boshqarmaning ma’lum qilishicha, 2018-yilda O‘zbekistonga 260 ming tonnadan ortiq neft yetkazib berilgan. “Qozog‘iston bundan keyin ham O‘zbekistonga neft yetkazib berishni davom ettirishga tayyor. Hozirgi vaqtda Kenkiyak—Kumkol neft quvuri bo‘yicha bir tonna neft yetkazish tarifi 25,12 dollarni tashkil etadi”, — dedi vazir.
“Bundan tashqari, O‘zbekiston yiliga 5 million tonnagacha neft, jumladan, Qozog‘istondan 2 million tonnagacha, Rossiyadan 3 million tonnagacha neft sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, faqat Qozog‘istonning o‘zidan 5 million tonnagacha neft yetkazish varianti ko‘rib chiqilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Bozumbayev.
Izoh (0)