Mirzo Ulug‘bek tumanida “Mirzo Ulug‘bek biznes markazi” qurilishi munosabati bilan Mustaqillik ko‘chasining ikki tomonidagi ko‘p qavatli uylar buziladi, degan fikrlar keng tarqaldi. Bu aholining e’tirozi va mish-mishlar avj olishiga sabab bo‘ldi. Qonunchilikka ko‘ra, nafaqat poytaxtda, balki O‘zbekistonning turli hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik tadbirlari munosabati bilan agar ma’lum obyektlar buzilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, bu avvalo o‘sha hudud hokimining tegishli qarori bilan tasdiqlanib, tarkibiy tuzilmalarga yo‘naltiriladi. OAV orqali e’lon qilinadi va o‘sha joyda istiqomat qiluvchi aholi ham bundan xabardor qilinadi, deyiladi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.
Toshkentda “Mirzo Ulug‘bek biznes markazi” qurilishi faqat taklif xarakteriga ega muhokamadagi axborot bo‘lib, aynan barpo etilishi ko‘zda tutilgan joy bo‘yicha hali aniq to‘xtamga kelinmagan. Shu bois bu masalada aholining tashvishlanishiga o‘rin yo‘q.
Shaharda amalga oshiriladigan bunyodkorlik tadbirlaridan kelib chiqib, Toshkent shahar hokimining qarori asosida ma’lum hududlarda turli obyektlar buzilishi mumkin. Ammo bunday tadbirlar avvaldan puxta o‘ylangan rejalar va mukammal ishlab chiqilgan loyihalar asosidagina bajariladi.
Lekin shunga qaramasdan, OAVda yoritilishicha, shaharning turli hududlarida hokimlik tomonidan olib borilayotgan ishlar fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarmoqda. Shu holatdan kelib chiqib, Toshkent shahar va tuman hokimliklari hamda tegishli soha mutasaddilari hamkorligida har bir holat bo‘yicha jadval tayyorlanib, tasdiqlanadi. Tasdiqlangan jadval asosida obyektlarni buzish ishlarida qonuniylikka rioya etilayotganligi Toshkent shahar hokimligi, IIBB, prokuratura xodimlari va jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganiladi va muntazam axborot berib boriladi.
Agarda qurilish tashkilotlari tomonidan ushbu jadvalga kiritilmagan obyektlarda buzish yoki boshqa biror shikast yetkazish holatlari aniqlangansa, ular qonunchilik me’yorlariga asosan javobgarlikka tortiladi.
“Aholi orasida hokimlik vakillari noqonuniy tarzda do‘q-po‘pisa bilan uyimni olib qo‘ydi yoki turar joyim buzilishi evaziga yetarli darajadagi mablag‘ni taqdim etmadi, meni va oilamni boshpanasiz qoldirdi degan e’tirozlar ham yo‘q emas. Milliy qonunchiligimizda biror sabab bilan ma’lum obyektlar buzilganda, unda yashovchilar va ishlovchilarga qay tartibda amaliy yordam ko‘rsatilishi va yo‘qotilgan mol-mulkini qoplash masalasi belgilangan. Shu paytgacha poytaxtimizdagi qaysi bir hududda buzish ishlari bajarilgan bo‘lsa, aholining roziligi olingan holda uy-joy, yer bilan ta’minlangan yoki ularga kerakli miqdordagi mablag‘ taqdim etilgan. Toshkent shahar hokimligi aholining bu boradagi e’tirozlarini ham befarq qoldirmaydi. Agarda shu masalada murojaatlar yuzaga kelsa, albatta, o‘rganib chiqib, nohaqlik holatlari bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)