Rossiya prezidenti Vladimir Putinning dastxati tushirilgan oq Volkswagen kabrioleti kimoshdi savdosida 20 ming yevroga sotildi. U Avstriya tashqi ishlar vaziri Karin Knayslning to‘yida ishlatilgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
To‘yga tashrif buyurgan mashhur mehmonlarning dastxati tushirilgan avtomobil ORF telekanalining Licht ins Dunkel xayriya telemarafonida sotilgan. To‘ydan keyin Knaysl kabrioletni xayriyaga bag‘ishlagan.
Avtomobil kimoshdi savdosining eng qimmat uchligiga kirgan. Birinchi o‘rinni Kurier gazetasidagi reklama sahifasi egallagan. U 27 ming yevroga sotilgan. Ikkinchi o‘rin Vena burgomistri Mixael Lyudvig bilan sahoyat va sakkiz kishilik tushlik uchun yo‘llanmaga nasib qilgan. Bu lot 22 ming yevroga sotilgan.
Xabarga aytilishicha, to‘y avtomobilini Shtiriya federal hududidagi tadbirkor sotib olgan.
To‘y marosimi 18-avgustda bo‘lgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin marosimda faqat bir soat qatnashgan. Mana shu vaqtda u nikoh marosimiga guvoh bo‘lgan, nemis tilida qadah so‘zi aytgan, vazir bilan raqsga tushgan va yosh kelin-kuyovga sovg‘a berib, avtomobilning kapotiga o‘z tilaklarini yozishga ulgurgan.
Izoh (0)