Toshkent metallurgiya zavodi 2019-yilning dekabr oyida sovuq chigirish (xolodniy prokat) yo‘li bilan birinchi partiya metall mahsulotni ishlab chiqaradi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.

Foto: Sputnik

Zavodning umumiy qiymati 286 million yevroni tashkil qiladi.

“Zavodning asosiy binosi qurib bitkazilgan. Ayni damda zavodni suv, gaz, azot, vodorod va siqilgan gaz bilan ta’minlovchi qo‘shimcha obyektlarning qurilish ishlari olib borilmoqda hamda asbob-uskunalar yetkazib beruvchi tashkilotlar tanlanmoqda”, — dedi zavodning texnik direktori Valeriy Osin.

Osinning ma’lum qilishicha, asosiy uskunalar Italiyaning Danieli kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi. Zavod ikki yil ichida to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.

Metallurgiya zavodining ishlab chiqarish quvvati yiliga 500 ming tonnani tashkil qiladi. U birinchi navbatda O‘zbekiston ehtiyojlarini qondirishga mo‘ljallangan. Tayyor mahsulotning 20 foizi eksport uchun mo‘ljallangan.