Buxoro viloyati Vobkent tumani sudida 18-yanvar kuni o‘z otasini urib, so‘ng uni yoqib yuborgan 39 yoshli o‘g‘il – Qudrat Kenjayev ustidan hukm o‘qildi. Bu haqda “Daryo”ga Vobkent tumani sud raisi Maxmud Aripov ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro ruhiy kasalliklar shifoxonasida “Shizoaffektiv psixoz” tashxisi bilan “D” ro‘yxatda turgan Qudrat Kenjayev 2018-yilning 19-sentabr soat 16:00 larda molxonada ishlayotgan otasi Jalol Kenjayevni yog‘och tayoq bilan urib, yerga yiqitgan. Ota hushsiz holatda bo‘lganda, hovlidagi yelim idishda turgan benzinni otasining ustiga sepib, uni tiriklayin yoqib yuborgan.
O‘z harakatlarini idrok qilmagan Qudrat Kenjayev, otasi Jalol Kenjayevning yonib yotgan tanasi ustiga hovlida bo‘lgan hashak, yog‘och, velosiped va boshqa har xil buyumlarni tashlagan. Bundan tashqari Qudrat hovlida boqilgan tovuqlarni tayoq bilan urib, olovga tashlab, alangani kuchaytirgan. Oqibatda Qudrat Kenjayevning otasi 100 foiz kuyib, voqea joyida vafot etgan.
Sud majlisida gumon qilinuvchi tariqasida so‘roq qilingan Qudrat Kenjayev kimnidir urib keyin yoqib yuborganligini, lekin boshqa narsani eslab bilmasligini, sud zaliga kelganlarni ham tanimasligini, ular bilan uchrashuvni ham xohlamasligini, boshqa gapirmasligini bildirib qisqa ko‘rsatma bergan.
Samarqand viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi ekspert vrachlarining 12-dekabr 2018-yildagi xulosasiga ko‘ra, Qudrat Kenjayev yuqorida qayd etilgan ijtimoiy xavfli harakatlar paytida paranoid shizofreniya kasalligi sabab, qilayotgan ishlariga javob bera olmagan.
Sud 18-yanvar kuni Qudrat Kenjayevga nisbatan o‘zini-o‘zi boshqara olmaydigan holatda bo‘lganligi, umumiy tipdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishga muhtoj ekanligi e’tiborga olinib, Toshkent shahridagi O‘zbekiston kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi va jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida ajrim qabul qildi.
Shuningdek, sud Jinoyat Protsessual Kodeksining 296, 298-299 va 423-moddalari tartibida xususiy ajrim qabul qilib, unda jinoyatni sodir etilishiga sabab va unga imkon bergan shart-sharoitlar tahlil qilindi. Aqli noraso Qudrat Kenjayev 2011-yildan Buxoro ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turib, bir necha marta kasallik xuruj qilganda davolanib chiqqanligi, mazkur oilada yuzaga kelgan muammolar o‘z vaqtida hal qilish, ishga mas’ul bo‘lgan shaxslar tomonidan ruhiy kasal shaxsni ustidan yetarli nazorat olib bormaganliklari natijasida og‘ir oqibatga olib kelgan.
Shu kabi jinoyatlarni kelgusida sodir qilinishini oldini olish maqsadida Xususiy ajrimni mahalla raislari va faollari hamda ishga mas’ul bo‘lgan xodimlar o‘rtasida ko‘rib chiqish zarurligini e’tiborga olib, Shofirkon tuman hokimligiga kiritildi.
Izoh (0)