Xorazm viloyatining hokimi Farhod Ermanov boshchiligidagi delegatsiya 23—26-yanvar kunlari Malayziyaga tashrifi doirasida 13 ta qo‘shma loyiha bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Tashrif davomida O‘zbekiston—Malayziya biznes-forumi va kooperatsion birjasi o‘tkazildi, shuningdek, Xorazm viloyatining Malaysia Halal Expo ko‘rgazmasidagi ishtiroki ta’minlandi.
Serba Dinamik Group Berhad kompaniyasi bilan “Xazorasp” erkin iqtisodiy zonasida kaustik soda va suyuq xlor ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Hadid Engineering kompaniyasi qurilish sanoatida investitsion loyiha rejalashtirmoqda. Delegatsiya A Farm Agrotech kompaniyasi bilan mahalliy xom ashyodan foydalangan holda baliqlarni ko‘paytirish va baliq ozuqalarini ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etishga kelishdi.
Malayziyaning Telekom Malaysia Bhd telekommunikatsion kompaniyasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalar sohasidagi investitsiya loyihalariga qiziqish bildirdi.
Urganchda tibbiy-kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha Monarch Holdings O‘zbekiston—Malayziya qo‘shma innovatsion markazining filialini ochish haqidagi kelishuvga erishildi.
Xorazm viloyati hokimligi va Malayziya Texnologik universiteti (UTM) viloyatning tegishli OTM bazasida injiniring, axborot texnologiyalari, fundamental fanlar va franchayzing modeli bo‘yicha menejment yo‘nalishlarida Malayziya OTMning bakalavriat va magistratura dasturlarini joriy etish, kelajakda UTM filialini ochish haqidagi kelishuvni imzoladi.
Izoh (0)