Georgiy Pobedonosets ibodatxonasida restavratsiya ishlari olib borilayotganligi haqida xabar topgan “Novosti Uzbekistana” maxsus muxbiri u yerga yo‘l oldi. Shaharda bino yangi tashkil etilayotgan media markazga berilishi haqida mish-mishlar ham tarqalgan. Restavratsiya bu tarixiy obyektga zarar yetkazmaydimi?
Ibodatxona shahar markazida joylashgan. 1882-yilda me’mor Vladimir Lemke loyihasi bo‘yicha barpo etilgan. Cherkovdan 1960-yilgacha o‘z maqsadi bo‘yicha foydalanilgan. Keyingi yillarda turli tashkilotlarga tegishli bo‘lib kelgan. 2012-yildan bu yerda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyat bo‘limi joylashgan.
Bo‘lim raisi Toshpo‘lat Tugalovning so‘zlariga qaraganda, binoni yengil ta’mirlashga ehtiyoj paydo bo‘lgan. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun loyihachi mutaxassislar tegishli loyihani tuzib chiqqan.
Shu yerda binoni ta’mirlash bilan shug‘ullanayotgan yigit loyiha-smeta hujjatlarisiz ishlayotganligi sababli o‘zini tanishtirmasligini ma’lum qilgan. U binoning faqat sokol qismini ta’mirdan chiqarishini qo‘shimcha qilgan.
“Bino Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi ixtiyorida qolsa kerak. Jamoatchilik ibodatxona taqdiridan tashvishlanmasin. Hech bir ta’mirlash-restavratsiya ishlari madaniy meros obyektlaridan foydalanish va ularni qo‘riqlash davlat inspeksiyasi roziligisiz olib borilmaydi”, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov.
Izoh (0)