O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida AQShning Missisipi shtati universiteti Xalqaro institutining ijrochi direktori Juli Jordon boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, bunda jahonning yetakchi oliy ta’lim dargohlari bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish, mavjud resurslardan oqilona foydalangan holda hududning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy holatini, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida kiritilayotgan yangi investitsion loyihalar muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shu bilan birga Orol dengizi hududida vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishda malakali kadrlarga ehtiyoj sezilishi ta’kidlandi va AQShning Missisipi shtati universitetining Xalqaro instituti bilan bu boradagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, ekologiya sohasida malakali kadrlar tayyorlash, o‘rmonchilik, baliqchilik, suv muammolarini o‘rganish kabi tor doiradagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Toshkent davlat agrar universiteti bilan AQShning Missisipi shtati universiteti Xalqaro instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida aniq amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Izoh (0)