Bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya aloqalari har jihatdan mustahkamlanib bormoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro muloqoti, oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim asos bo‘lmoqda. Bugun, 14-yanvar kuni Xorazm viloyat hokimligida O‘zbekistondagi Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mehmonlarni viloyat hokimi Farhod Ermanov kutib oldi. Uchrashuvda ta’lim va turizm sohasi vakillari qatnashdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — Janubiy Koreya Respublikasining yuqori malakali mutaxassislari o‘zlarining malaka va tajribalari orqali viloyatda ta’lim sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shish.
Mehmonlarga viloyatning sarmoyaviy salohiyati, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, turizm haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashish barobarida o‘z rejalarini aytib o‘tdi. Tadbir davomida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu tadbir hamkorlikni yanada kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarishga alohida turtki beradi.
Izoh (0)