Vatan himoyasi — yuksak ishonch, ulug‘ saodat. Vatanni chinakam mard o‘g‘lonlar qalqondek himoya qiladi. O‘zbek xalqiga yaxshi tanish bo‘lgan mashhur erkaklar orasida ham o‘zining yigitlik burchini sidqidildan o‘taganlarni uchratish mumkin. 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan ularning ayrimlari “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov bilan suhbatlashib, muddatli harbiy xizmat davridagi onlarini yodga oldi.

Foto: O‘zA

“Serquyosh yurtimizning qadri juda bilingan”

Bekzod MUHAMMADKARIMOV, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist:

— Sobiq Ittifoq davrida, ya’ni 1985—1986-yillarda Rossiya Federatsiyasining Bryansk o‘rmonlarida harbiy xizmatni o‘taganman. Ayni kuch-quvvatga to‘lgan, qonim qaynagan o‘smirlik davrimning bir yili umr daftarimga o‘ziga xos xotiralarni muhrlagan. Sovuq o‘lkada xizmatda bo‘lganligim uchun o‘ziga yarasha qiyinchiliklarni ham boshdan kechirganman. O‘shanda serquyosh yurtimizning qadri juda bilingan. O‘zim tengi turli millat vakillari bilan goh urishib, goh yarashib, ahil-inoqlikda xizmat qilganmiz. Jismonan yanada baquvvat bo‘lish niyatida harbiy ilmlarni o‘rganishga astoydil intilganimiz ham hech esimdan chiqmaydi. Yigitlik burchimni o‘tagan davrimda aloqa qismlarida xizmat qilganman va leytenant unvonini olishga muyassar bo‘lganman. Men bilan birga yigitlik burchini o‘tagan o‘zbekistonlik yigitlarning ikki, uch nafari bilan imkon qadar uchrashib turishni sira kanda qilmaymiz.

Foto: “Daryo”

Yigit kishi xizmat davrida yaqinlari, oilasidan biroz uzoqda yashab, musofirchilik nima ekanligini qisman anglab yetadi. Barcha qiyinchiliklarni sabr bilan o‘zi yengib o‘tishni, muammolarni o‘zi hal qilishni, turli vaziyatlardan qanday chiqib ketishni o‘rganadi. Bir so‘z bilan aytganda, har jihatdan toblanib, pishadi. Harbiy xizmatga borgan yigit bilan bormaganning orasida juda katta farq mavjudligi yaqqol sezilib turadi.

“Chuchvarani xom sanaganman”

Sharof MUQIMOV, xonanda va aktyor:

 Institutda tahsil olish va ijod bilan bandligim sababli yigitlik burchimni kechroq ado etganman. 2009-yilning fevral oyida barcha ishlarimni vaqtinchalik bir chetga surib, Chirchiqdagi harbiy qismga xizmatga bordim. Xizmatdoshlarim ukam tengi yigitlar bo‘lgani bois menga ajablanib qarashdi. “San’atkorlarning ham harbiy xizmatga borishi shart ekan-da”, degan so‘zlar ham qulog‘imga chalindi.

Foto: “Daryo”

Boshida men singari ijodkorlarga erkinlik, sharoit yaratib berishadi, degan niyat va ishonch bilan bir nechta to‘y hamda konsertlardan buyurtma ham olganman. Biroq, komandirlarning qat’iy rad javobi, tartib-intizom barcha uchun tengligini eshitgach, chuchvarani xom sanaganimni tushunib yetganman (kuladi). Mana oradan o‘n yil o‘tsa hamki, hanuzgacha komandirlarimiz, safdoshlarimiz bilan xabarlashib, bir-birimizning yaxshi kunlarimizda xizmat qilib kelayapmiz.

“Armiya hayotiga tez ko‘nikkanman”

Fazliddin G‘OYIBNAZAROV, boks bo‘yicha Rio Olimpiadasi chempioni:

—  O‘tgan yilning yanvarida poytaxtimizdagi harbiy qismlarning birida safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida harbiy xizmatni o‘tagan davrim chindan ham bir umrga tatirlik saboq bo‘lgan. Sport meni chiniqtirib, irodamni mustahkamlagani bois harbiy hayotga tezda ko‘nikkanman. Kelgusida oilasi, ro‘zg‘ori, o‘z xatti-harakatlarini to‘g‘ri idora etib, jamiyatda ham, faoliyatida ham o‘z o‘rnini topish uchun yigitlarga armiya ko‘p ta’lim-tarbiya berarkan.

Foto: “Daryo”

Dala-o‘quv maydonida jangovar quroldan o‘q uzganim sira yodimdan chiqmaydi. Yoshim kattaroq bo‘lgani uchunmi yoki bokschi bo‘lib, nisbatan tanilganimdanmi, komandirlarimiz o‘q uzish mashg‘ulotlarida safdoshlarimga dalda berishimni ta’kidlab turishardi. Endi, tasavvur qilavering, birinchi marta nishonni poylayotgan yigitlar. Men ham bungacha qo‘limda qurol tutmaganman. Safdoshlarimga “Dadil bo‘linglar, nishonga tekkizishingiz shart”, deya dalda berardim. Quroldan o‘q uzgan paytimdagi his-hayajonimni aslo ta’riflay olmayman.

“Armiyaga bormaslik — yigit uchun fojia”

Mirolim QILICHЕV, aktyor va rejissor:

— 2014-yilning avgust oyida Navoiy shahridagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchimni o‘taganman. “Jasur” filmidagi rolim ozmi-ko‘pmi meni xalqqa tanitganligi bois barcha safdoshlarim asl ismimni aytmay, Jasur deya murojaat qilishardi. Xalqimiz san’atni judayam yaxshi ko‘rishiga o‘sha yerda ham yana bir bor amin bo‘lganman. Ayniqsa, komandirlar kechqurun barcha harbiylar uyquga yotgach, meni yonlariga chaqirib, suhbatlashishar, ijodimga qiziqishardi. Akmal, Nurali ismli serjantlarimiz bilan miriqib suhbat qurganlarimizni haligacha yodga olaman. Harbiy xizmatda biroz bo‘sh qolgan paytlarimizda oddiy harbiylar hamda ofitserlar men bilan birga esdalik uchun suratga tushishardi.

Foto: “Daryo”

Har bir inson hayotida pastu balandliklar bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz. Xizmat qilgan vaqtimda yigit kishi hayotidagi katta bir chuqurlikni harbiy xizmatdagi haqiqiy hayot to‘ldirishini tushunib, anglab yetganman. Armiyaga borish har bir yigitning orzusi bo‘lishi va unga albatta, yetishga intilishi kerak. To‘g‘ri, ayrim sabablarga ko‘ra kimlardir yigitlik burchini bajara olmasligi mumkin. Ammo imkoniyati bo‘la turib, turli bahonalar bilan xizmatga bormaslik bu er yigit uchun fojia, deb bilaman.