O‘tgan 2018-yilda qanday ilmiy yutuqlarga erishildi? Fanda qanday kashfiyotlar qilindi? Qanday farazlar tasdig‘ini topdi va aksincha, ishongan haqiqatlarimizning qaysi biri yolg‘on bo‘lib chiqdi. “InoSMI” nashri o‘tgan yilning eng qiziqarli ilmiy maqolalarini e’lon qildi.
To‘g‘ri, ular orasida, hozircha, o‘zbek olimlarining izlanishlari yo‘q. Biroq umidni kelgusi yillarga bog‘lagancha, o‘tgan yilning eng qiziqarli ilmiy yutuqlari bilan tanishamiz.
Ilm-fan inqiroziga dalolat qiluvchi soxta ilmiy maqolalar
Avstraliyaning Areo jurnali tadqiqotchi mualliflari ulkan provokatsiyaga qo‘l urdi. Ular muhim ijtimoiy mavzular tuturiqsiz darajada talqin etilgan 20 ta soxta ilmiy maqola yozib, tegishli yo‘nalishlardagi yetakchi nashrlarga tarqatdi. Bir qarashda bema’nidek tuyuluvchi tashabbusdan maqsad zamonaviy intellektual publitsistikaning o‘lchov mezonlari juda ham tushib ketganligini ko‘rsatib qo‘yish edi. Maqolada har bir “ilmiy” ish bo‘yicha batafsil hisobot keltirilgan, ularning aksariyati o‘ta tuturiqsiz edi. Masalan, birining mavzusi “Feministik Mayn Kampf”
Odam oyog‘i yetmagan Yer
Bu New York Magazine jurnali tarixida eng ko‘p o‘qilgan maqola bo‘ldi. Ko‘plar uni vahima qo‘zg‘ovchi, deb atadi. Bo‘lmasa-chi! Ona Yer o‘lmoqda. Biz ham u bilan birga o‘lmoqdamiz. Barchasi biz o‘ylaganimizdan ko‘ra xiyla tashvishli ekanligini tasavvur qilyapsizmi? Bordiyu, olamshumul isish faqat dengiz sathi ko‘tarilishiga ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylasangiz aysbergning bor-yo‘g‘i uchini ko‘ryapsiz.
O‘lim qanday bo‘ladi?
The New Yorker nashrida bir necha kun birinchilikni bermay kelgan maqola. 2013-yilning 9-dekabrida shifokorlar Jahi Makmat ismli qizning miyasi tamom bo‘lganligini qayd etdi. U o‘pkani sun’iy ventilyatsiyalovchi apparat yordamida nafas olgan, biroq qorachiqlari nurga munosabat bildirmagan, elektroensefalogramma esa miya faoliyatini qayd etmagan. Shifokorlar Jahining miyasi o‘lganligini qayd etganda uning oilasi bunga aslo ko‘nmagan. Bu qizaloq bilan yuz bergan hodisa inson tabiati haligacha tuzukroq o‘rganilmaganligini yana bir marta ko‘rsatadi.
Yer atrofida 5440 marta
Rus fazogirlari siydikni suvga aylantiradi, amerikaliklar ochiq fazoga chiqish oldidan asabiylashadi. Agarda samo tadqiqotchilaridan biri ochiq fazodan kemaga qaytmay havosiz koinotda qolib ketsa-chi? Bu Rey Bredberining hikoyasi emas. Amerikalik astronavt Skott Kellining Politiken nashridagi maqolasi minglab marta o‘qildi.
Insoniyatdan oldin ham tamaddun bormidi?
Hayot qoldiqlaridan dalolat beruvchi topilmalar fan uchun hamisha yetmaydi, buning ustida zamon va makonga, shuningdek, tirik jonzotlarning yashash hududiga qarab o‘zgarib turadi. Shuning uchun atigi 100 ming yil mavjud bo‘lgan industrial sivilizatsiyani osongina “ko‘rmay o‘tib ketish” mumkin. Xo‘sh, bizdan avvalgi sivilizatsiyalarda kimlar yashagan? Ularning hayot tarzi, ko‘rinishi qanday bo‘lgan? The Atlantic shu haqda mulohaza yuritadi.
Sizni halok qiladigan yetti g‘aroyib joy
Insoniyat fazoni egallashni istaydi. Fantastik kitoblar va kinolar mualliflari bu mavzulardan hech charchamaydi. Inson goh Oyda paydo bo‘ladi, goh Marsga qo‘nadi. Ammo Quyosh tizimining barcha osmon jismlari ham bizni quchoq ochib kutib olmaydi. Sirtdan diltortar manzara kasb etuvchi samoviy jism sathi sizni bir onda halok etishi mumkin. Nautilus hammasini izohlab bergan.
Vaqt bo‘ylab sayohat natijasida koinot ostin-ustun bo‘lib ketadimi?
Boshqa zamonga tushib qolgan afsonaviy qahramonlarning g‘aroyib sayohatlarini filmlarda kim ko‘rmagan? Kim ham o‘tmishga bir zumga qaytib kichik xatolarini to‘g‘rilab olishni istamaydi, deysiz? Biroq bu qanchalik xavfsiz? Forbes nashri mualliflaridan biri vaqt bo‘ylab sayohat qilishning huzur-halovatidan emas, xataridan so‘z yuritadi. Istagan holatda sayohatchi avvalgi zamoniga qaytolmay qolishi mumkin. Rozimisiz?
Nimaga 536-yil Yerda hayot uchun eng yomon yil bo‘lgan?
Qaysi yil insoniyat uchun eng ko‘p tashvish keltirgan? Yevropaning yarmini o‘lat olib ketgan 1349-yilmi? Gripp tufayli 50-100 million inson nobud bo‘lgan 1918-yilmi? Yo‘q, 536-yil. Amerikaning Science jurnali nega aynan shu yil odamzod uchun eng yomon yil bo‘lgani haqida mushohada yuritadi hamda fojeali voqealarning sabablarini o‘rganadi.
Qanday qilib lotereyada yutish mumkin?
O‘yin shoshqolini tashlarkansiz, har qanday son tushishiga tayyor bo‘lishingiz kerak. 2 raqamining to‘g‘ri kelish ehtimoli bilan 6 raqamining to‘g‘ri kelish ehtimoli teppa-teng. Sizga bir sirni ochamiz: lotereyada yutish bu hamma o‘ynaganidan boshqacha o‘ynash deganidir. Ammo sizga ikkita matematik maslahat bor, deydi norveglarning Forskning jurnali.
Miya haqida siz bilgan narsalarning barchasi xato bo‘lishi mumkin
Neyroafsonalar, ya’ni miyamizning imkoniyatlari to‘g‘risidagi yanglish tasavvurlar ilmiy tadqiqotlarning noto‘g‘ri yoki judayam eski talqinlariga asoslanadi. Neyrobiologlar jamoasi Slate saytida bir qancha xato qarashlarni fosh qiladi.
Ko‘rib turibsizki, olamshumul nashrlarga qiziqarli maqolalar yozish uchun ulkan teleskop, o‘ta qimmatli uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, katta adron kollayderi har doim ham zarur emas ekan. Kuzatuvchanlik va nazariy ilmiy mushohadalar bilan ham qiziqarli maqola yozish mumkin ekan. Shak-shubhasiz, chuqur bilimlar bazasi va tahliliy fikrlash qobiliyati zarurligini aslo inkor etmaymiz. O‘z sohangizning bilimdonimisiz? Unda sizdan ham ilmiy-ommabop maqolalar kutamiz. Ehtimol, sizning maqolangiz dunyo nashrlarini zabt etar.
Shukurjon Islomov tayyorladi
Izoh (0)