Bangladesh poytaxti Dakka shahrida tikuv fabrikalarining xodimlari to‘rtinchi kun yo‘llarni to‘smoqda. Ular ish haqini oshirishni talab qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligiga tayanib, “Vedomosti” xabar bermoqda.
O‘z navbatida, politsiya namoyishga chiqqanlarni tarqatish uchun vodomyotlar, ko‘zni yoshlatuvchi gaz va dubinkalardan foydalanmoqda.
Xitoydan keyin dunyo bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi kiyim-kechak eksportchisi Bangladesh hukumati eng kam oylik ish haqini oshirish haqidagi talablarni ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
Namoyishlar davomida bir nafar ishchi halok bo‘ldi, o‘nlab fuqarolar jabrlandi.
Dastlab politsiya namoyishchilarni tarqalish va yo‘llarni ochishga ko‘ndirishga uringan. Biroq namoyish ishtirokchilari ularga tosh va tayoqlar ota boshlagandan so‘ng, politsiya ko‘zni yoshlatuvchi gazni qo‘llay boshlagan. Hozirda vaziyat nazoratga olingan, ishchilar tarqalgan.
Sentabr oyida hukumat tikuv sanoati ishchilari eng kam ish haqini 2019-yilda 51 foizga — oyiga 95 dollarga oshirish haqida e’lon qilgan edi. Bu 2013-yildan buyon eng kam ish haqining ilk bor oshirilishidir.
Biroq ishchilar mehnat haqining oshirilishi mazkur sohada band bo‘lgan 3,5 milliondan ortiq ishchining kichik foiziga daxl qiladi deb hisoblamoqda.
Izoh (0)