Ko‘chalarda samarali tabobat usullari, tezkor ozish kurslari, hamma narsani davolovchi apparatlar va xorijdan kelgan jarrohlar haqida e’lonlarni ko‘p uchratamiz. Lekin bunday e’lonlarga ishonib bo‘ladimi? “Daryo” kolumnisti Abdulazizxon Akramov shu haqda fikr yuritadi.
Bemor odam borki, atrofdagi barcha narsadan o‘zining dardiga shifo izlaydi. Ko‘chadan eshitilgan maslahat va tavsiya ko‘pincha malakali tibbiy konsultatsiyadan ko‘ra ko‘proq ishonch uyg‘otadi. Aynan shundan ko‘pchilik “biznesmenlar” unumli foydalanadi.
Aksariyat ijtimoiy tarmoqlarda va devorlarga yopishtirilgan e’lonlarda quyidagi mazmundagi gaplarga ko‘zingiz tushadi:
“Kosmonavtlarni tekshiradigan pozitron apparatida sog‘lig‘ingizni tekshiring. Bu eng aniq ko‘rsatadi va butun boshli organizmni sinchiklab tekshiradi. Bizning klinikamizda payshanba va shanba kunlari mutlaqo bepul!”
Yoki mana bunaqa:
“Zararsiz ozmoqchimisiz yoki chiroyli semirmoqchimisiz? Bizdagi malakali diyetolog bepul maslahatlar beradi. O‘lchovlar xam mutlaqo bepul. Shoshiling”.
Bu e’lonlardagi “bepul” so‘zi mo‘jizaviy qudratga ega bo‘lib, ko‘pincha sog‘lom fikrlashga to‘sqinlik qiladi. Keling, hozirgi kunda ommalashib borayotgan tibbiy firibgarliklarni birgalikda fosh qilamiz.
Marketing hozirgi kunda xaridor (bemor) talabini juda yaxshi o‘rgangan. Reklama va boshqa yo‘llar orqali bu talabni charxlab, oshiradi va shu orqali manfaat topadi. Sodda qilib aytganda, u xaridordagi ehtiyojni ma’lum maqsadli yo‘nalishga soladi. Agar ehtiyoj bo‘lmasa, uni paydo qiladi. Ehtiyoj bo‘lsa, uni aktuallashtiradi. Va yakunida o‘zi ko‘zlagan yechimni sizga taklif qiladi. Masalan siz sog‘lomsiz. Demak sizda doriga yoki bioqo‘shimchalarga ehtiyoj yo‘q. Marketing bu yerda sizda avval ehtiyojni shakllantirishi kerak. U taxminan quyidagicha yo‘l tutadi. “Siz sog‘lomsiz. Ammo shu sog‘lomlikni doimo saqlab qolishni istaysizmi? Butun umr shu yoshlik va navqiron bo‘lishnichi?”
Bu savollardan so‘ng sizda albatta hozirgi holatingizni saqlab qolish, boshqacharoq aytganda, ehtiyoj shakllandi. Masalan, sizning vazningiz me’yordan ko‘ra besh kilogramm og‘ir. Siz ozishni istaysiz. Endi marketing semirishni zararlari,asoratlari to‘g‘risida sizga ma’lumot beradi va shu bilan birga qisqavaqtda ozishni taklif qiladi.
Lekin haqiqat shundaki, bu yechimlar ko‘pincha asossiz va samarasiz bo‘lishi mumkin. Demak, asosiy marketing o‘yinlari bilan tanishib chiqsak.
- Mo‘jizaviy diagnostik apparat.
Ko‘pincha bu apparatlardagi tekshiruvlarni yoki bepul qilib qo‘yishadi yoki arzonga tekshirishadi. Yechimni esa o‘zlarini dorilarini taklif qilish orqali ko‘rsatishadi.
- Mo‘jizaviy dori va bioqo‘shimchalar.
Dori yoki BAD haqida ham ajoyib afsonalar to‘qish mumkin. Masalan, bu dori Himolay tog‘ining cho‘qqisida o‘sadigan zamburug‘ ildizidan yoki Afrikadagi ilonning yog‘idan olingan deyishadi. Inson psixologiyasida qimmat, noma’lum va kamyob narsa kuchliroq tasir ko‘rsatadi degan tushuncha bor. Shu tushunchadan firibgarlar unumli foydalanadi. Qo‘shimchasiga internetdan topilgan rasmlar va fikrlar bilan boyitadi. Qarabsizki, aslida 10 so‘mga arzimaydigan dorini 100 so‘mga sotib olasiz. Eng qizig‘i, yaqinlaringizga ham buni tavsiya qilasiz. Shu bilan ular biznesi yurib ketadi.
- Afsonaviy shifokorlar.
Masalan, men xususiy klinika ochganman yoki yuqorida aytilganidek dorilarimni o‘tkizmoqchiman. Buning uchun mo‘jizaviy apparat o‘rniga “kuchli chet ellik mutaxasis”ni jalb qilish menga foydaliroq bo‘ladi. Sababi — xalq ko‘proq shunga ishonadi. Buning uchun, deylik, Hindistonga boraman. Oddiyroq klinikada arzon-garovga ishlovchi mutaxassis topaman. U bilan ma’lum pul evaziga kelishaman. O‘zbekistonga olib kelaman. Ana endi reklamada uning surati va u haqdagi afsonalarni bayon qilaman: “Hindistonlik kuchli mutaxassis, minglab bemorlarni operatsiya qilgan, o‘z sohasida ilmiy ish qilgan, jahonda 15-o‘rinda turuvchi jarroh Anand Kapur tekshiruviga shoshiling!”
Kim tekshirib o‘tiribdi u kuchli yoki kuchsiz mutaxassis ekanligini? Shunday ekan, har doim ham chet eldan kelgan shifokorlarga ishonaverish yaramaydi.
- Har xil taqinchoqlar.
Xulosa qilib aytganda, har qanday mo‘jizaviy, tez ta’sir ko‘rsatadi deb aytilgan, yoshartiradigan, ozdiradigan, ayniqsa bepul tibbiy xizmatlar tagida marketing o‘yinlari yotadi. Sog‘lig‘ingizni aqlingiz bilan himoya qiling.
Izoh (0)