Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida to‘rt farzandning onasi Madina Yo‘ldosheva 11 oydan buyon hushsiz yotibdi. Bu haqda Turon24 xabar bermoqda.
29 yoshli Madina Yo‘ldoshevaning onasiga ko‘ra, 2018-yilning 6-fevralida to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirgan kuni shifokorlarning e’tiborsizligi tufayli komaga tushib qolgan. U 11 oy davomida hushiga kelmagan.
Tuman tibbiyot birlashmasi rahbarining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Mamajonovning aytishicha, Madina Yo‘ldoshevaning kasalligi apallik sindromi deb ataladi.
“Tug‘ruq paytida ko‘p qon yo‘qotilgani natijasida klinik o‘lim yuz bergan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asrorjon Rahimov. – Bemorga berilgan tez tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan. Ammo miya po‘stlog‘ida klinik o‘lim holatlarida apallik sindrom rivojlanadi. Madina Yo‘ldoshevada shunday kasallik kuzatilgan. Farg‘onadan, Toshkentdan malakali shifokorlar kelib, bemorning ahvoli bilan tanishdi. Hozirgi kunda bemorga Toshkent shahridagi neyroxirurgiya ilmiy-tekshirish markaziga bir martalik tekshiruvdan o‘tish uchun order berish harakatini boshlaganmiz”, – dedi Baxtiyor Mamajonov.Madina Yo‘ldosheva Qo‘ng‘irot qishlog‘ida joylashgan 22-qishloq oilaviy poliklinikasida 2017-yilning 27-iyunida homiladorlik ro‘yxatidan o‘tgan. Uni shifokor-ginekolog Bella Agadjonova ro‘yxatga olgan. Ma’lum sabablarga ko‘ra Bella Agadjonovadan keyin bu yerga Shoira Umarova ishga kelgan. Homilador ayol to tuqqunga qadar Shoira Umarovaning nazoratida bo‘lgan.
“Qizim Madina o‘sha kuni vrachlarning e’tiborsizligi tufaydi shu holatga tushdi deb o‘ylayman. Chunki u tuqqanidan so‘ng qarovsiz qolgan. Qon keta boshlaganidan so‘ng shifokorlar uni operatsiyaga olishdi. Operatsiya jarayonida qizim shu holga tushib qoldi. Ana o‘ziga keladi, mana o‘ziga keladi deb bizni uch kun aldashdi. Keyin 11 kunda o‘ziga keladi deyishdi. Ammo mana 11 oydirki, bolam behush. Dastlab komaga tushganida bir kunda 3,5 mln so‘mlik dori-darmon olib bergan kunlarimiz ham bo‘ldi. Hozirgi kunda bir oyda kamida 1,5 mln so‘mlik dori-darmon ketayapti.Onaning yana bir e’tirozi tuman tibbiyot birlashmasi rahbarlari qizini Toshkent shahridagi nevrologiya ilmiy-tekshirish markaziga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi uchun bepul order olib bermayotgani haqida bo‘ldi.Eng yomoni, qizimga o‘zim qarayapman. Farzandlari har joyda sarson. Katta qizi Shodiyona 4-sinfda o‘qiyapti. Shahodat 2-sinfda. Murodulla 6 yosh, kichik qizi Xadichaxon 11 oylik. Kattalariga otasi, ammalari, qizimning ovsini qarayapti. Xadichaxonni esa katta ammasi Surxondaryo viloyatiga olib ketgan. Har shanba kuni bolalarni olib kelamiz, ular kelsa, qizim sezadi. Bolalariga qarab yig‘laydi. Hamma narsani sezib yotadi. Shifokorlar uni 2018-yilning iyun oyigacha shifoxonada saqlab berishdi. So‘ngra “uyingizga olib ketsangiz, uydagi muhitni sezib, ochiq havodan nafas olib, tuzalib ketadi” deb uyga majburan ruxsat bervorishdi. Men “Qizimni soppa-sog‘ olib kelganman, qachon o‘ziga kelib, sog‘aysa, keyin olib ketaman” desam ham shifokorlar meni aldashdi”, – deydi Gulchehra Nazarova, Madina Yo‘ldoshevaning onasi.
“11 oydan buyon hamma narsamizni sotib, shu qizimning sog‘ayishi uchun harakat qilayapmiz. Yordam so‘rab bormagan idoram qolmadi. Tibbiyot xodimlari loaqal bir martalik order olib berishmayapti. Hamma hujjatlarni Asrorjon degan do‘xtir olib ketgan edi. Asrorjondan order haqida so‘rasak, u “hujjatlar Umid akada, o‘sha kishi Farg‘onaga olib ketgan. Sizlarga tez kunda bir martalik order to‘g‘rilab beramiz” dedi. Ammo hujjatlarni ham, orderni ham olmadik”, – deydi Gulchehra Nazarova.Buvayda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Asrorjon Rahimov tez orada bemorga tekshiruvlardan bepul o‘tishi uchun bir martalik order berilishini aytdi.
Izoh (0)