O‘zbekiston Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) eng yirik qarzdorlari o‘nligiga kirdi. Bu haqda Jahon bankining “Qashshoqlikni tugatish. Imkoniyatlarni kengaytirishga investitsiyalar” deb nomlangan yillik hisobotida so‘z yuritiladi, deb yozadi Spot.
XTA qashshoq mamlakatlar hukumatlariga foizsiz zayomlar, kreditlar va grantlar taqdim etadi.
O‘zbekiston bo‘yicha zaxira qilingan mablag‘lar hajmi 740 million dollarni tashkil etdi. Qarzdorlar o‘nligidan, shuningdek, Uganda (640 million dollar), Nepal (706 million dollar), Tanzaniya (955 million dollar), Kot-d’Ivuar (987 million dollar), Keniya (1,2 milliard dollar), Pokiston (1,9 milliard dollar), Nigeriya (2,5 milliard dollar), Bangladesh (2,9 milliard dollar) va Efiopiya (3,1 milliard dollar) joy oldi.
Hisobotda, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotni qayta shakllantirishga yo‘naltirilgan asosiy islohotlarni o‘tkazishda tez taraqqiyotga erishganligi ta’kidlanadi.
2018-yilda Jahon banki O‘zbekistonda beshta yangi loyihani amalga oshirishga 1,4 milliard dollar ajratishni tasdiqladi. Ular energiya samaradorligini oshirish, bog‘dorchilik va sabzavotlar yetishtirishni rivojlantirish, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam xizmati sifatini oshirishga qaratilgan.
Izoh (0)