Niragongo va Nyamlagira vulqonlari Afrika qit’asida joylashgan eng faol vulqonlar hisoblanadi. Bu egizak vulqonlar Kongo Demokratik Respublikasida joylashgan bo‘lib, qit’adagi vulqon faolligining 40 foizi aynan ana shu ikki vulqonga to‘g‘ri keladi. Faol otilish vaqtida bu vulqonlarning lava oqimlari 20—25 kilometr janubda joylashgan Kivu ko‘ligacha yetib boradi, deb yozmoqda TravelAsk.
Niragongo
Niragongo vulqoni Kivu ko‘lidan 17 kilometr shimolda joylashgan bo‘lib, uning balandligi 3470 metrni tashkil qiladi. O‘tgan 135 yil ichida 34 ta otilish qayd etilgan. So‘nggi marta vulqon 2012-yilda otilgan bo‘lib, shundan buyon faollik belgilarini namoyon qilmoqda. Vulqonning o‘ziga xosligi kraterda suyuq lavaning mavjudligi hisoblanadi.Lava ko‘li juda faol bo‘lib, vulqon otilishi vaqtida qo‘shimcha xavfni yuzaga keltiradi. Kraterning to‘lib ketishi yoki devorining buzilishi oqibatida lava tik qoya bo‘ylab pastga 100 km/soat tezlikda harakatlanadi va yo‘lida uchragan barcha narsani vayron qiladi.
Nyamlagira
Nyamlagira vulqoni o‘z qo‘shnisidan biroz shimolda joylashgan bo‘lib, balandligi 3058 metrni tashkil qiladi. Bu vulqon ham juda faol bo‘lib, kuzatuvlar boshlanganidan buyon 35 marta otilish qayd etilgan. Bu vulqon otilgan vaqtda atmosferaga katta miqdorda oltingugurt chiqadi.Bu vulqonda ham lava ko‘lining mavjudligi qayd etilgan, biroq 1938—1940-yillarda yuz bergan kuchli otilishdan keyin lava oqib ketgan va Kivu ko‘ligacha yetib borib, o‘z yo‘lida ko‘plab uylarni yo‘q qilgan. Vulqonning so‘nggi yirik otilishi 2011-yilda kuzatilgan.
Izoh (0)