Joriy yilning shu davriga qadar Jizzax viloyatida 110 ming 691 nafar shaxs OIV infeksiyasi tekshiruvidan o‘tkazilib, tekshiruv qamrab olinishi o‘tgan yilga nisbatan 20 foiz ko‘paygan. Bu haqda viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Nilufar Asqarova ma’lum qildi, deb yozadi “Turon24”.
“OIV infeksiyasining viloyatdagi tahliliga e’tibor qaratsak, 2018-yilning 1-noyabr holatiga viloyatda 522 nafar shaxs OIV infeksiyasini yuqtirib, yashab kelmoqda, — deydi bosh shifokor Nilufar Asqarova. — Bemorlarning 244 nafari erkak, 278 nafari ayol jinsiga mansub. Umumiy bemorlar ichidan 60 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Joriy yilning 10 oyi davomida 69 nafar shaxsda OIV infeksiyasi aniqlandi, shundan 3 nafari 18 yoshga to‘lmagan bolalardir”.
O‘tgan 2017-yilga nisbatan viloyatda kasallik aniqlanishi Sharof Rashidov tumanida 12 ta holatga, Baxmal tumanida 5 ta holatga, Jizzax shahrida 2 ta holatga, G‘allaorol tumanida 3 ta holatga ko‘paygan.
Har bir bemorga kasallik yuqishi davrlari va yuqish yo‘llari o‘rganilganda, bu bir yil ichida yuqish holati emas, balki bir necha yillar oldin yuqqani aniqlangan. Jami 69 nafar bemorning 17 nafari (25,6 foiz) tibbiy ko‘rik jarayonida, 12 nafari (17,4 foiz) OIV infeksiyali bemorlarning jinsiy sheriklari (eri yoki xotini) sifatida tekshirilganda, 10 nafari (14,5 foiz) mehnat migrantlari sifatida tekshirilganda, 7 nafari (10,1 foiz) homilador sifatida tekshirilganda, 5 nafar (7,2 foiz) nikohlanuvchi sifatida tekshirilganda va bir nafari (1,4 foiz) tibbiyot xodimi bo‘lib tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida kasallik aniqlangan. OIV aniqlangan bemorlarning 29 nafari erkak, 40 nafari ayollardir.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Botir To‘xtamishevga ko‘ra, Davlat dasturi asosida hududiy OIV diagnostika laboratoriyalarini 232 million so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar va apparatlar bilan ta’minlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Izoh (0)