Nukus shahrining “Qumbuz ovul” mahallasida barpo etilgan ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida maktabgacha ta’lim muassasasi va oilaviy poliklinika joylashgan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu shu uylarda yashayotgan odamlarga, ayniqsa, yosh bolali ayollarga juda qulay. Issiq-sovuq kunlarda yo‘lda qatnab yurmaydi, ham vaqti, ham naqdi tejaladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu muassasalar faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda 5 qavatli 10 ta arzon uy qurilgan. Ularda barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. “Navshe” nomli bog‘cha bolalar ongini o‘stiradigan turli inventarlar, o‘yinchoqlar, metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlangan. Ingliz tili, rus tili, shaxmat-shashka to‘garaklari tashkil etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oilaviy poliklinika hududdagi 8 ta mahallaning 46 mingdan aholisiga xizmat ko‘rsatadi. 250 qatnovga mo‘ljallangan muassasa sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan.

Elektron qabul tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Odamlar uyda turib, onlayn tarzda navbatga yozilishi va belgilangan vaqtda shifokor qabuliga kelishi mumkin. Poliklinikaning o‘zida ijtimoiy dorixona ochilgan.

Prezident shifokorlar bilan suhbatda poliklinikaga kelganlarga sifatli xizmat ko‘rsatish bilan birga hududdagi aholini patronaj qilish, har bir odamning haroratini bilish kerakligini ta’kidladi. Kasallik varaqalarini elektron shaklga o‘tkazish, zamonaviy tibbiyot yutuqlari asosida ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yerda Abdambetov ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli arzon uylar, bo‘lajak Nukus city shaharchasi taqdimoti o‘tkazildi.