“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi dushanba, 19-noyabrdan 120-raqamli “Chorsu—Keles shaharchasi” avtobus yo‘nalishini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Yaqinda bu yo‘nalishdagi avtobuslarni sinov tariqasida ishga tushirish uning yo‘lovchilar orasida talabgirligini ko‘rsatdi. Shu bilan bir paytda, avtobus haydovchilari Damas mikrovenlarida ishlovchi norasmiy tashuvchilar noroziligiga duch kelgan.
“Damas haydovchilari avtobuslar ishga tushirilishidan noroziligini yashirmagan, hatto ularning harakatlanishiga to‘sqinlik qilishga urinishlar bo‘lgan”, — deydi “Toshshahartransxizmat”dagi nashr manbasi. Muammoni hal etish uchun kompaniya yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va O‘zbekiston avtomobil transport agentligiga murojaat qilgan.
Taxminiy baholashlarga ko‘ra, Toshkent—Keles yo‘nalishida 200—300 nafar Damas haydovchisi odam tashish bilan shug‘ullanadi. Muntazam avtobus yo‘nalishining ishga tushirilishi ularning ishiga ta’sir ko‘rsatadi.
“Toshshahartransxizmat”ning ta’kidlashicha, shaharcha aholisi anchadan buyon avtobus qatnovini ochish iltimosi bilan murojaat qilib kelmoqda. Aholining ma’lum bir qismi uchun yo‘l kartochkalari va harakatlanishda imtiyoz huquqidan foydalanish imkoniyati muhim hisoblanadi, bunday imtiyoz xususiy marshrutkalar tomonidan taqdim etilmaydi.
Izoh (0)