O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-apreldagi “1941—1945-yillardagi urush faxriylarini, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga har oyda zaruriy oziq-ovqat hamda gigiyena mahsulotlari, har yili kiyim-kechak va poyabzallar bepul tarqatilmoqda. Farg‘ona viloyatida ham bu borada muayyan ishlar olib borilmoqda, deb yozadi O‘zA.
“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi va mutasaddi tashkilotlar vakillari urush faxriylari uchun tayyorlangan tuhfa — qishki va yozgi kiyimlar jamlanmasini o‘z egalariga topshirdi. Farg‘ona shahrida istiqomat qilayotgan 16 nafar nuroniy xonadoniga tashrif buyurilib, ular holidan xabar olindi va mazkur sovg‘alar ularga taqdim etildi.
Urush faxriylarining suronli janggohlarda ko‘rsatgan jasorati, Vatan himoyasi yo‘lidagi mardonavor kurashi bugungi avlod uchun ulug‘ ibrat va saboqdir. Nuroniylar huzurida bo‘lgan mutasaddilar ana shular haqida to‘xtaldi. Yo‘qlovlardan faxriylarning oila a’zolari ham minnatdor bo‘ldi.
Bu kabi tashriflar har bir tuman, shaharda amalga oshirilib, nuroniylarning xonadonida samimiy izhorlar bildirilmoqda.
Izoh (0)