Surxondaryo viloyatidagi tabiiy va sun’iy ko‘llardan joriy yilda 5 ming 100 tonna baliq ovlanib, iste’molchilarga yetkazib beriladi, deb yozadi O‘zA.
Surxon fish agro prom Co mas’uliyati cheklangan jamiyatining baliqchilikni yo‘lga qo‘yganiga bir yil bo‘ldi. Dastlab Orol mahallasi hududidagi 6 gektar foydalanilmay turgan maydonda intensiv usulda kichik suv havzalari barpo etishga kirishildi. Uch gektar maydonda suv havzalarini qurish uchun tijorat bankining kredit mablag‘idan foydalanildi. Xorijning yopiq suv aylanma tizimi moslamalari o‘rnatilib, Afrika laqqa balig‘i chavoqlarini parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. Erta bahorda 500 mingta chavoq tashlandi. Ayni paytda ikkita hovuz va ikkita intensiv ko‘lda afrika laqqasi, oq do‘ng peshona, karp va oq amur baliqlari parvarishlanmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Surxondaryo viloyatida yoz mavsumining boshqa hududlarga nisbatan uzoqroq cho‘zilishi baliq chavoqlarini bir mavsumda yetiltirib, tovar holatiga keltiradi. Buning uchun baliqni faqat belgilangan ratsion asosida oziqlantirib, parvarish qilish kerak. Mazkur xo‘jalikda aynan ana shunday usul qo‘llanilgani yutuqlar omili bo‘ldi. Dastlabki yilda vohadagi baliqchilik xo‘jaliklariga 35 million so‘mlik baliq chavog‘i, iste’molchilarga 75 million so‘mlikdan ortiq sifatli baliq mahsuloti yetkazib berildi.
Xo‘jalikda olti kishi mehnat qiladi. Ularning samarali ishlashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Xo‘jalik mutasaddilarining ta’kidlashicha, bu yerda baliqchilik klasteri tashkil etiladi, tayyor mahsulot saqlanadigan muzlatkich barpo etiladi. Ozuqa ishlab chiqaradigan uskunalar o‘rnatilib, inkubatsiya sexi, qayta ishlash korxonasi quriladi. Oshxona, savdo do‘koni aholi xizmatida bo‘ladi. Baliq ovlab, hordiq chiqaradigan, sayr qiladigan xushmanzara joy bunyod etilib, ekoturizm yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun tijorat bankidan 6 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i olinishi rejalashtirilgan.
“Baliqchilik klasterlarining uch yil davomida barcha soliqlardan ozod etilayotgani bizga manzur bo‘ldi, — deydi Shuhrat Razzaqov. — Bu imtiyoz qaddimizni to‘liq tiklab olishga ko‘maklashadi. Tejalgan mablag‘ evaziga xo‘jaligimizni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari barpo etish imkoniyati kengayadi. ‘Surxondaryobaliqsanoat’ mas’uliyati cheklangan jamiyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, vohada 320 ga yaqin baliqchilik xo‘jaligi bu yil 5 ming 100 tonna baliq yetishtirmoqda. Hozirgacha iste’molchilarga 4 ming tonnaga yaqin parhezbop baliq yetkazib berildi”.
Viloyatda yangi loyihalarni ishga tushirib, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar baliqchilikni yanada yuksaltirib, aholini arzon, sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)