Malayziyaning Aquila Emas Sdn Bhd media kompaniyasi vakillari o‘zlarining O‘zbekistonga amalga oshirgan 10 kunlik tashrifi yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik sheriklari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzoladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kinematografchilar delegatsiyasining mamlakatga tashrifini tashkillashtirgan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra filmlarni tasvirga olish ishlari 2019-yilning boshiga belgilangan.
Bo‘lib o‘tgan tashrif chog‘ida O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Milliy teleradiokompaniya, “O‘zbekfilm” AJ, boshqa tuzilmalar, shuningdek Xorazm va Buxoro viloyati hokimiyatlari, jumladan mazkur viloyatlarning yetakchi mahalliy telekanallari rahbariyatlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida birgalikda badiiy film tasvirga olish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Suratga olish ishlari Xorazm va Buxoro viloyatlarining manftunkor cho‘l va tog‘ manzaralari, qadimiy shaharlari va takrorlanmas me’morchilik obidalarida olib boriladi. Shuningdek, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi to‘g‘risida 6 seriyali turistik televizion dasturni yaratish ham rejalashtirilgan.
Badiiy film va turistik teleserial Malayziyaning yetakchi telekanallaridan biri TV2 da praym-taym vaqtida efirga uzatiladi. 10 million kishidan ortiq auditoriyaga ega ushbu kanalni nafaqat Malayziya, balki Singapur va Bruney hududida ham tomosha qiladi.
Izoh (0)