O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Navoiy viloyati Konimex tumani bo‘limi xodimlari tomonidan fuqarolar arizasi yuzasidan maxsus tadbir o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zA.
Tadbirda Zarafshon shahrida yashovchi, vaqtincha ishsiz I.O‘. 37 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ulardan 4 million so‘mdan, jami 148 million so‘m miqdordagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgani masalasi ko‘rib chiqildi.
“Ishbilarmon” 37 nafar fuqaroni Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlovchi tanishlari orqali kombinatga qarashli konlardan biridagi zavodga turli lavozimlarga ishga joylashtirishni va’da qilgan.
Shuningdek, fuqaro I.O‘. ushbu pul mablag‘larini o‘zi orqali kombinatning mansabdor shaxslariga pora tariqasida bermoqchi bo‘lgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan I.O‘.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)