24-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Xitoyning Millatlar va din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Bateyer boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi hamda qo‘mita vakillari ishtirokida muzokaralar tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R. Qurbonov, qo‘mita rais o‘rinbosari K. Eshonxo‘jayev, Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan, Xitoy Millatlar va din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Bateyer va boshqalar mamlakatlardagi diniy bag‘rikenglik, respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning milliy merosiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish, millatlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni yanada kuchaytirish, shuningdek, kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, uzoq muddatli, ikki tomonlama manfaatli sheriklikni faol rivojlantirish masalalari va bu boradagi kelgusi rejalar haqida o‘zaro fikr almashdi.
Muzokaralar davomida jamiyatimizda millatlararo hamjihatlik va barqarorlikni mustahkamlashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan tamoyillarning ahamiyati va uning turli millat vakillari hayotidagi o‘rni, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Tadbirda Bateyer kam millat vakillaridan iborat bo‘lsa-da, Xitoyda milliy bag‘rikenglik, diniy erkinlik masalalariga hukumat doirasida katta e’tibor qaratilganligini ta’kidlagan holda, ushbu masalada O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda mahalla instituti o‘rni alohida ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)