Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan joylardagi amaliy ishlar nazoratini ta’minlash maqsadida Ulug‘bek shaharchasidagi tibbiyot va ta’lim muassasalaridagi ahvol o‘rganildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Xususan, 286-umumta’lim va 27-bolalar musiqa va san’at maktabi, 582-maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 2-sonli Respublika klinik shifoxonasidagi holatlar qattiq tanqid qilindi.
Muassasalarda sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish, sog‘liq uchun zararli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar savdosiga yo‘l qo‘ymaslik, mahsulotlarning sifatli saqlanishi, ta’lim muassasasida ijaraga olingan oshxonadan foydalanish bo‘yicha sanitariya va gigiyena qoida, normalariga qat’iy rioya qilinishi yuzasidan mutaxassislar o‘z fikrini bayon etdi.
Shuningdek, muassasalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilganligi va isitilish holati, yoritish moslamalari va jihozlarning talab darajasida ekanligi, xavfsizlik talablariga rioya qilinganligi, belgilangan hududda alkogol va tamaki mahsulotlarining realizatsiyasi bor-yo‘qligi o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida maktab oshxonasida bir marotabalik idishlar qayta ishlatilayotganligi, issiqlik tizimida kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. 2-sonli Respublika klinik shifoxonasi oshxonasida qo‘l yuvish uchun moslamalar o‘rnatilmaganligi aniqlangach, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish muddatlari belgilandi.
Bemorlar navbat kutishga majbur qilingan. 2-sonli Respublika klinik shifoxonasiga mehnat faxriysi T.Saidrasulov davolanish uchun murojaat qilgan. Ammo ayni vaqtda joy yo‘qligini aytib, uni noyabr oyiga navbatga yozib qo‘yishgan. Hozirda esa u o‘zini juda yomon his qilayotganligini o‘rganuvchi guruhga ma’lum qilgan.
Ushbu murojaat o‘rganib chiqilib, fuqaro foydasiga hal etildi.
Jamoatchilik ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar davom etmoqda.
Izoh (0)