Islomobod Pekin bilan radarlarda ko‘rinmaslik xususiyatiga ega jami 40 ta qiruvchi samolyot uchun shartnoma imzolagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif buni inkor qilib chiqdi.

Televideniye orqali chiqish qilgan vazir bu boradagi mish-mishlarni inkor qilib, shunday dedi:
“Menimcha, bu faqat media xabarlarida bor. Bu Xitoyning mudofaa mahsulotlarini sotish uchun yaxshi reklama, bilasiz”, degan Xavaja Asif.
So‘nggi haftalarda dunyoning qator nashrlari Pokiston Xitoydan 40 ta J-35A samolyotini xarid qilishi mumkinligi, ilk partiya 2025-yil avgustidan yetkazib berilishi haqida yozgan edi. Qolaversa, Pekin katta chegirma bilan tuzilgan shartnoma doirasida o‘z ittifoqchisini uzoq masofali PL-17 havo-havo raketalari bilan ham ta’minlashi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
J-35A qiruvchi samolyoti Xitoyning Shenyang Aircraft Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, AQSH va Rossiyaning beshinchi avlod platformalariga muqobil sifatida ko‘riladi.
Xavaja Asifning mazkur bayonoti Pokiston rasmiylari tomonidan beshinchi avlod qiruvchilari haqida bildirilgan ilk rasmiy izoh bo‘ldi.
Izoh (0)