2018-yilning iyul – sentabr oylarida aholi tomonidan sezilgan qisqa muddatli inflyatsiya indeksida ko‘tarilish kuzatildi. Markaziy bank “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va korxonalarining inflyatsion kutilmalari” nomli hisobotni e’lon qildi, deb yozadi O‘zA.
Unga ko‘ra, joriy yil III choragida iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra inflyatsiyaning aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.
Jumladan, yilning birinchi yarmidagi pasayishdan so‘ng mazkur ko‘rsatkichlar iyul oyidan boshlab oshib bordi.
Hisobot davrida aholi tomonidan sezilgan qisqa muddatli inflyatsiya indeksida ko‘tarilish kuzatildi.
“Joriy sezilgan inflyatsiya indeksi yil boshidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan past darajada bo‘lsa ham uning o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu o‘z navbatida, kelgusidagi inflyatsion kutilmalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deyilgan hisobotda.
Hisobotda aytilishicha, sentyabr oyida so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslar “Qaysi asosiy tovar va xizmatlarning narxi yuqori darajada oshdi?” savoliga asosan pomidor, mol go‘shti, guruch va qo‘y go‘shtini belgilaganlar.
Shuningdek, ushbu oyda avvalgi oylardan farqli ravishda kartoshka, bug‘doy uni, non, tovuq go‘shti, sabzi narxlari oshganini ko‘rsatgan respondentlar ulushi sezilarli darajada ortgan.
Oxirgi oylarda go‘sht va guruchning narxlarida sezilarli o‘zgarish qayd etilmagan bo‘lsa-da, iyul- sentyabr mobaynida aholi tomonidan aynan ushbu mahsulotlar narxlarining yuqori darajada oshganligi qayd etilgan.
Bu holat aholining ba’zi iste’mol tovarlari narxlarining oshishiga bo‘lgan ta’sirchanlik darajasi yuqoriligini va bu ta’sir narxlar sezilarli darajada o‘zgarmasa ham ma’lum bir muddat saqlanib qolinishini ko‘rsatmoqda.
Izoh (0)