Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasiga oid qonunbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom raqobatni shakllantirish bo‘yicha Olmazor tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida fuqaro M. Najmiddinova Kichik halqa yo‘li, 4-uyda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan yashirin sex tashkil etganligi aniqlandi. Shuningdek, sexda 20 nafarga yaqin fuqaro norasmiy ravishda ishlayotganligi ma’lum bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.
Profilaktik tadbirlar jarayonida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanish o‘rniga, inson sog‘ligi uchun zarar yetkazadigan mahsulotlarni noqonuniy ravishda savdoga qo‘yishga urinayotgan shaxslar ham uchramoqda.
Xususan, Uchtepa tumani, Toshkent halqa avtomobil yo‘lida joylashgan omborxonada fuqaro R.Safarov jami 20 turdagi umumiy qiymati 83 million 676 ming so‘mlik yog‘ mahsulotlarini sotish maqsadida saqlayotganligi aniqlandi.
“Uddaburon tadbirkor” tadbir davomida mahsulotning sifat sertifikati hamda tegishli hujjatlarini taqdim eta olmadi va tovarlar vaqtincha olib qo‘yildi. Hozirda mazkur yog‘larning iste’molga yaroqliligi va fuqaroning qo‘liga qanday yo‘llar bilan yetib kelgani o‘rganilmoqda.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning sentabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida 122 ta holatda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslar aniqlanib, ular tomonidan savdoga chiqarilgan sifat sertifikati va tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan jami 1,8 milliard so‘mlik tovarlarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida Uchtepa tumani, “O‘rikzor” dahasi, Zarafshon ko‘chasi, 2-A uyda joylashgan omborxonada fuqaro M.Umarov xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatsiz shirinlik mahsulotlarini sotish uchun saqlayotganligi aniqlandi.
Tadbir jarayonida omborxona ko‘zdan kechirilganda, 9 turdagi umumiy qiymati 21 million 219 ming so‘mlik sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan qandolat mahsuloti borligi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)