Avvalroq Ispaniyaning Madrid shahrida 24—25-sentabr kunlari Butunjahon futbol sammiti bo‘lib o‘tgani va ushbu sammitda O‘zbekiston Professional futbol ligasi Bosh direktori Omon G‘ofurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.
Sammit doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bir qancha Yevropa futbol jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi va bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Xususan, “Real Madrid” klubiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatadigan Adidas Generation kompaniyasi vitse-prezidenti Karlos Pulido bilan muzokaralar o‘tkazildi. Adidas Generation kompaniyasi Adidas brendi ostida ishtirok etadigan mashhur klublar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlar tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi.
Dunyoning mashhur kompaniyalaridan biri hisoblangan Amazon kompaniyasi vakili Alessandro Tataranni bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda futbol marketingini takomillashtirish va o‘zbek futboli brendini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq PFLning Germaniya Bundesligasi bilan hamkorlik memorandumi imzolagani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)