Qashqadaryo viloyatida “Tashabbus — 2018” ko‘rik-tanlovining tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.Ko‘rik-tanlovning Qarshi shahar bosqichida an’anaga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va xo‘jalik yurtishning boshqa sohalarida yuqori natijalarga erishgan hamda mamlakat iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan 30 dan ortiq tadbirkor, 20 ga yaqin hunarmand ishtirok etdi, deb yozadi O‘zA.
Qatnashchilarning faoliyatini baholashda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi ham inobatga olindi.
Tanlovda tadbirkorlarning keyingi uch yillik faoliyati, ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va texnologiyalar jalb qilgani, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani, qancha ish o‘rni yaratganiga alohida e’tibor qaratildi.
“Shahrimizda 3 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti va 200 ga yaqin hunarmand faoliyat yuritmoqda, — deydi Qarshi shahar tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi boshlig‘i Bolta Niyozov. — Bugungi tanlovga ular orasidan sanoat, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik sohasida yuqori natijalarni qo‘lga kiritganlar jalb qilingan. Bu yilgi ko‘rik-tanlovning avvalgilaridan farqi eng yosh tadbirkor, sanoatda faollik ko‘rsatgan tadbirkor kabi nominatsiyalar qo‘shilgan. Tanlovda ishtirok etayotgan tadbirkorlarning 90 foizi yoshlardir”.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qarshi shahridagi pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan Radiant Silk qo‘shma korxonasi rahbari Farhod Valiyev “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, poligrafiya xizmatlari ko‘rsatib kelayotgan Photo Express MChJ rahbari G‘olib Pirnazarov “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Tanho dizayn” xususiy korxonasi rahbari Jamshid Jalilov “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, qo‘y junidan telpak tikuvchi tadbirkor Anvar Zohidov “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi eksportchi” kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham faol ishtirokchilar taqdirlandi.
Izoh (0)