O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi arafasida Dehlidagi Lal Bahodur Shastri xotira majmuasida “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo san’at xazinalarida” turkumidagi 10 jildlik kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Hindistondagi O‘zbekiston—Hindiston do‘stlik jamiyati raisi Anil Shastri, O‘zbekistonning ushbu davlatdagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga ilk davlat tashrifini ikki mamlakat xalqlari katta qiziqish bilan kutayotganini ta’kidladi. Tashrif davomida kutilayotgan uchrashuv va muzokaralar Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan salohiyatga ega ikki davlati o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishda yangi istiqbollar ochishiga ishonch bildirildi.
“O‘zbekiston madaniy merosi dunyo san’at xazinalarida” turkumida o‘zbek xalqining xorijdagi muzeylarda saqlanayotgan boy madaniy-ma’rifiy merosi namunalari jamlangan.
Mazkur loyiha tashabbus guruhi bugungi kunda taniqli o‘zbek va hind olimlari bilan hamkorlikda Hindistonning yirik muzey, kutubxona va boshqa xazinalarida saqlanayotgan ilmiy-madaniy merosni o‘rganmoqda. Ilmiy izlanishlar natijalari kelgusida turkumning yangi nashrlariga kiritiladi.
Kitoblar taqdimoti Dehlidagi Javoharlal Neru universiteti, Jamiya Milliya islom universiteti, Jome masjidi va Hindiston islom madaniyati markazida ham tashkil etiladi.
25-sentabr kuni Hindiston milliy muzeyida “Hindiston—O‘zbekiston: madaniyatlararo muloqot” qo‘shma ko‘rgazmasi ochiladi.
Izoh (0)