19-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi, deb yozadi O‘zA.
Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan, o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglab yetgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarga Vataniga, oilasi bag‘riga, tinch hayotga qaytish imkonini berish maqsadida, shuningdek, insonparvarlik prinsiplariga asoslangan holda:
Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasini (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tarkibda tuzish;
2018-yil 1-noyabrdan terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar (keyingi o‘rinlarda – taqiqlangan tashkilotlar) tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etish belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari quyidagi hollarda, ushbu Farmonga muvofiq, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin:
aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa;
jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan bo‘lsa;
taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan bo‘lsa;
taqiqlangan tashkilotlarning g‘oyaviy yoki ma’naviy rahnamosi bo‘lmagan bo‘lsa;
jangovar harakatlarda va qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan bo‘lsa;
terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda o‘quv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa;
terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan bo‘lsa;
xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan bo‘lsa;
terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikatsiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni ko‘zlamagan holda saqlagan bo‘lsa.
Komissiyaga quyidagi vakolatlar yuklatildi:
taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish;
murojaat etgan fuqarolarning shaxsini, shu jumladan, ularning sodir etilgan jinoyatlarga daxldorligini har tomonlama tekshirish orqali o‘rganish;
murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan xulosalarni dastlabki tergov organlariga o‘rnatilgan tartibda taqdim etish;
sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan va aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilib murojaat etgan fuqarolarga nisbatan taqiqlangan tashkilotlar a’zolari tomonidan salbiy ta’sir etilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish uchun vakolatli organlarga topshiriqlar yuborish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatilishida, shu jumladan, bandligini ta’minlash borasida ko‘maklashish va monitoringini olib borish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslar bilan profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha vakolatli organlar va tashkilotlarga topshiriqlar yuborish.
Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklatildi.
Izoh (0)