Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bugun, 13-sentabr kuni Murg‘ob tumanidagi gidroelektrostansiyani ishga tushirdi. U dunyo bo‘yicha eng baland tog‘da joylashgan GESlardan biri hisoblanadi. Bu haqda Tojikiston yetakchisining matbuot xizmati xabar bermoqda, deb yozadi Asia-Plyus.
Quvvati 1,5 ming KVtch bo‘lgan, bungacha “Oksu” deb nomlangan kichik GES bundan buyon “Tojikiston” deb nomlanadi. GES to‘g‘onining balandligi 64 metr, kengligi 12 metrni tashkil etadi.
“Tojikiston” GES Nepalda barpo etilgan kichik GESlardan keyin dunyo bo‘yicha baland tog‘da bunyod etilgan ikkinchi GES hisoblanadi.
Murg‘ob tumanining 14 mingdan ortiq aholisi ikki yildan buyon chiroqsiz yashayotganligi va bu kunni juda kutganligi ta’kidlanmoqda.
GES modernizatsiyasi loyihasi Germaniya taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan. Dastlabki loyihaga ko‘ra, GESning quvvati 800 kVT/soatni tashkil etishi kerak edi va buning uchun 4 million yevro ajratish ko‘zda tutilgan edi.
Biroq loyiha germaniyalik mutaxassislar tomonidan qayta o‘rganilgandan so‘ng loyiha quvvatini 1,5 ming kVt/soatgacha oshirish haqidagi qaror qabul qilinib, Germaniya banki qo‘shimcha 7 million yevro ajratdi.
Izoh (0)