“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Yoshlar simfonik orkestri hamda Buyuk britaniyalik skripkachi va kompozitor Vanessa Meyning xayriya konserti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Dastur yoshlar, san’at, madaniyat namoyandalari, mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, turli vazirlik, idoralar, jamoatchilik vakillari e’tiboriga havola etildi.
— Bu konsert yoshlarimiz uchun o‘ziga xos tuhfadir, – deydi Yoshlar simfonik orkestri dirijyori Kamoliddin O‘rinboyev. – O‘zbekiston va jahon kompozitorlari asarlaridan iborat ushbu dastur tomoshabinlarga manzur bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Mazkur ijodiy jamoaning jahonga mashhur dirijyorlar, musiqachilar, opera xonandalari bilan birgalikda taqdim etgan konsertlarini san’at ixlosmandlari yaxshi biladi. Bu galgi konsert Buyuk britaniyalik musiqachi Vanessa Mey ishtirokida tashkil etilgani O‘zbekiston madaniy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.
Musiqiy kechada jahon va o‘zbek kompozitorlari asarlaridan namunalar O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri hamda britaniyalik musiqachi ijrosida yangradi. Muxlislarning davomli olqishi konsertga berilgan eng xolis baho bo‘ldi.
Izoh (0)