Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘llab, uni Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan keltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Qadrli Shavkat Miromonovich!
Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va Siz orqali butun qardosh O‘zbekiston xalqini O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami — Mustaqillik kuni munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etish va eng ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Siz olib borayotgan uzoqni ko‘zlagan siyosat hamda mamlakat hayotining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi muhim yangilanishlar bugun o‘z natijalarini berib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘sini muttasil yuksaltirmoqda.
O‘zbekiston bilan minglab do‘stlik rishtalari orqali bog‘langan Tojikiston yaqin qo‘shni sifatida ushbu muvaffaqiyatlardan xursand bo‘lmoqda.
Xalqlarimizni madaniy-ma’naviy yaqinlik, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish, tinchlik va totuvlikka asoslangan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tajribasi bog‘lab turadi.
O‘zbekiston bilan munosabatlar Tojikiston tashqi siyosatining hamisha asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.
Biz Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning ochiq va konstruktiv muhitidan, shuningdek, hamkorligimiz xalqlarimiz va butun mintaqamiz manfaatlari yo‘lida izchil rivojlanib borayotganidan g‘oyat xursandmiz.
Bunda, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizning shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz.
Yaqinda go‘zal mamlakatingizga davlat tashrifim davomida Siz bilan bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuvlarimizni, tarixiy hujjat – Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolaganimizni alohida iliqlik bilan eslayman.
Ishonchim komil, ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar, shuningdek, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida qator keng miqyosli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarimizning ro‘yobga chiqishi mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan samarali hamkorligiga yangi va kuchli sur’at bag‘ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, bundan buyon ham Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik an’analari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga barcha kuchlarni yo‘naltirishga tayyor ekanimni bildiraman.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida mamlakatlarimiz munosabatlari Tojikiston va O‘zbekiston xalqlari farovonligi yo‘lida bundan-da mustahkamlanishiga ishonaman.
Ushbu qutlug‘ bayram kunlarida Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, mamlakat ravnaqi yo‘lidagi rejalaringiz va intilishlaringiz ro‘yobida katta zafarlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
Izoh (0)