Bir haftacha muqaddam uzoq kutilgan “Islomxoʻja” filmining yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi. Premyeradan soʻng berilgan taqrizlar nihoyatda qisqaligi bois ular film haqida to‘liq tasavvur hosil qilish uchun yetarli boʻlmadi. Umuman olganda, taqrizlarning aksariyati filmni salbiy yoki oʻrtamiyona baholadi.
Shundan kelib chiqib, “Islomxoʻja”ga oʻz bahoimni berish hamda boʻlajak tomoshabinlarda toʻlaroq fikr uygʻotish maqsadida ushbu filmga batafsil toʻxtalib oʻtishga qaror qildim.
Ilgarigi maqolalarimdan birida kartina koʻtarib chiqayotgan davrning tarixdagi ahamiyatiga urgʻu bergan edim. Bu davrda yashagan Islomxoʻja singari oʻnlab, yuzlab arboblar borki, ularning ishlari bugungi kunga bevosita ta’sir koʻrsatadi va shu bois beqiyos qiymatga ega, illo olis oʻtmishga maftun oʻzbek tarixchiligi ularga hali munosib baho bera olgani yoʻq.
Ayni damda, mana shunday muhim davrni jonlantirish, Islomxoʻjaday favqulodda shaxsni katta ekranlarga olib chiqish kinochilardan alohida mas’uliyatni talab qilardi. Yopiq premyerada ishtirok etganlarning koʻpchiligi Gollivuddagi singari keng miqyosli tarixiy-badiiy film kutgan boʻlsa kerak, ayrimlarning hafsalasi pir boʻlgani sezildi. Ammo bu shakldagi peplum — tarixiy jangari film yaratishga na ajratilgan budjet (1,3 milliard soʻm), na oʻzbek kinosining tajribasi yoʻl qoʻyardi. Shu bois rejissor Jahongir Ahmedov, menimcha, mavjud vaziyatda eng optimal yoʻlni tanlagan — badiiy publitsistikaga murojaat etgan.
Badiiy publitsistika ikkita vazifani bajarishga qaratilgan:
- tomoshabinga haqqoniy ilmiy faktlarni taqdim etish;
- estetik zavq bagʻishlash.
Fikrimcha, “Islomxoʻja” har ikki vazifaning ham uddasidan chiqa oladi.
Odatda oʻzbek badiiy filmlari sodda syujetga va qurilishga ega boʻladi, murakkab ssenariyga va oʻziga xos yechimga sohib ishlar kamdan-kam uchraydi. Oʻzbekcha hujjatli filmlarning ham aksariyati “xoʻjakoʻrsinga” ishlanadi va barchaga ma’lum, darsliklarga kiritilgan faktlarning takrori negiziga quriladi. “Islomxoʻja” bu borada oʻta noyob filmdir. Ilmiy jihatdan uni toʻlaqonli tadqiqot desa boʻladi — rejissor oʻz jamoasi bilan birgalikda toʻrt yil umrini tarixiy hujjatlarni va monografik tadqiqotlarni oʻrganishga sarflagani, arxiv titkilagani koʻrinib turibdi. Filmga XIX asr ikkinchi yarmi — XX asr boshidagi Xiva tarixi boʻyicha yirik mutaxassis — Ne’mat Polvonov maslahatchi boʻlgani uning ilmiy qiymatini yanada oshiradi.
Rejissor Islomxoʻja hayoti haqidagi faktlarni oʻz qahramoni — yosh doktorant tilidan batafsil, erinmay bayon etadi va tomoshabinda oʻsha davr haqida toʻla tasavvur hosil qiladi. Dialoglar, maktublar arxiv materiallari asosida tiklangani diqqatga sazovor. Bu bilangina cheklanib qolmay, ijodkorlar koʻpgina bahsli ilmiy masalalar yuzasidan oʻz xulosasini beradi. Hikoya orasiga qoʻshilgan badiiy sahnalar ham mehr bilan ishlangani, har bir detalga urgʻu berilgani e’tiborga loyiq. Liboslar, xon saroyi, mulozimlarning navbat turish tartibi, xon taxti, rus harbiylarining liboslari — bari haqqoniy tiklangan.
Sovet yillarida oʻzbek xonliklari davri qop-qora ranglarga chaplanib, badiiy filmlar va kitoblarda juda qo‘pol, karikaturali bir shaklda tasvirlanar edi. Eski qoliplardan qutula olmagan zamonaviy oʻzbek madaniyati ham xonliklarni oʻrta asrlarda qolib ketgan mudhish chaladavlatlar, xonlarni va amaldorlarni esa tussiz, qiyofasiz “kartonli” obrazlar tarzida koʻrsatishga oʻrganib qolgan. “Islomxoʻja” birinchi marta bu stereotiplardan qochib, xonlarga va amaldorlarga “jon kiritdi”: ekrandagi Asfandiyorxon, bizga yillar davomida uqtirib kelishganiday, maishatga berilib ketgan, mamlakat dardini unutgan aqlsiz hukmdor emas, balki oʻqimishli, ziyoli, lekin murakkab davrda hokimiyat tepasiga kelib qolgan, illat va xislatlarga ega ziddiyatli shaxs, u qoʻlidan kelgancha oʻz davlatini koʻtarishga, ahvolni yaxshilashga urinadi, ammo siyosiy kurashda yengib chiqishga irodasi yetmaydi. Islomxoʻja — har qanday kamchilikdan mosuvo, afsonalashtirilgan qahramon emas, u ham imkoniyati doirasida ish koʻradigan ayyor siyosatchi. Ularning shaxsiyati haqidagi qoʻshimcha ma’lumotlar (aytaylik, Asfandiyorxon boʻsh vaqtida nima bilan shugʻullanishi-yu, Islomxoʻja qanday gazetalarni oʻqishi) qahramonlarni yanada “jonlantirgan”.
Ikkilamchi obrazlarga ham e’tibor berilgan. Jumladan, Bobojon Qatagʻon shunchaki Islomxoʻjaning tan soqchisi boʻlmay, balki uning yaqin insoni ekanligi ochib berilgan.
Qolaversa, rejissor Xiva xonligi toʻlaqonli davlat boʻlganini, oʻz ma’muriy apparatiga, sud-huquq tizimiga egaligini, xonlikda murakkab siyosiy oʻyinlar, resurslar uchun kurash borganini, Rossiya imperiyasi, xususan, Amudaryo boʻlimi ma’muriyatining xonlik hayotiga ta’sirini koʻrsatib bera olgan.
Oldinroq yozilgan taqrizlardan kelib chiqib, filmda koʻplab kamchiliklar bor deb oʻylagan edim. Ammo “Islomxoʻja”ni tomosha qilish asnosida biror jiddiy nuqson topa olmadim. Aytib o‘tilgan e’tirozlarning eng o‘rinlilari personajlar zamonaviy tilda gapirishi, ayol qahramonlarning ortiq darajada yorqin makiyaji, ayrim aktyorlar kadrga mos tushmagani bilan bog‘liq. Yuqorida aytilganidek, bu — keng miqyosli tarixiy-badiiy film emas, lekin qoʻyilgan maqsad doirasida barcha vazifalar uddasidan chiqilgan. Rejissura, operator ishi, montaj sifatli amalga oshirilgan. Syujet murakkab, bir necha pogʻonali qilib qurilgan, ikki davrning, badiiyyat va ilmiy-hujjatli bayonning aralashuvi esa menga eronlik rejissor Moniy Haqiqiyning “Ajdar omad” (“Ajdarho keldi”) kinodurdonasini eslatib yubordi. “Xontaxta” filmlarda bir xildagi obrazlarni jonlantiraverib badga urgan Ulugʻbek Qodirov va Alisher Uzoqov bu safar hayron qoldira olishdi — ular oʻzlariga ajratilgan qisqa ekran vaqti ichida qahramonlarining shaxsiyatini ochib bera olgan. Masalan, Ulugʻbek Qodirovning kadrdagi asosiy ishi sukut saqlab, olisga tikilgancha vazmin qadam tashlashdan iborat, lekin uning nigohi, aslzodalarga xos ishonchli harakatlari, gapirish ohangi yuz yil muqaddam yashagan hukumat rahbarining shaxsiyatini koʻz oldimizda tiriltiradi, va bu tarix ishqibozlarini hayajonga solmay qoʻymaydi.
Taqriz yakunida yana bir jihatga e’tibor qaratmoqchi edim. “Islomxoʻja” ilk oʻzbekcha tarixiy detektiv hamdir. Moziyda yechilmay qolgan masalalar, fosh etilmagan jinoyatlar, oʻz bahosini olmagan shaxslar va voqealar juda koʻp. Tarix oʻtib ketdi, deb hisoblaydiganlar adashadi — fosh etilmaganni fosh etish, ochilmaganni ochish bugungi avlodning zimmasidagi burchdir.
Birinchi oʻzbek generali Bobobekning oʻz uyida oʻldirib ketilishi, Turkiston jadidchiligi asoschisi Mahmudxoʻja Behbudiyning qatl etilishi, qoʻrboshi Ibrohimbek Laqay ishi, Afgʻonistondagi Buxoro muhojiroti faoliyati — bu kabi mujmal savollar hali-hamon jiddiy taftishni kutmoqda.
Film fabulasi Islomxoʻjaning oʻldirishi hamda bu jinoyat taftishi asosiga qurilgani menga yoqdi: tomoshabin bayonchi — doktorant bilan birga qotillik tafsilotlarini bilib boradi, ayni paytda unga Islomxoʻja kimligi, qanday davrda, kimlar orasida yashagani tushuntirib boriladi, film yakunida esa jinoyat ijrochilari, bu qotillik xonlik uchun qanday oqibatlar keltirib chiqargani ayon boʻladi.
* * *
“Islomxoʻja” — aqlli kino, intellektual kino. U, biz bilgan boshqa koʻpgina oʻzbek tarixiy filmlaridan farqli, quruq propagandaga qaratilmagan, tarixiy arboblarni ertak qahramonlariga aylantirib qoʻymagan, balki imkon qadar hujjatga asoslangan haqqoniy tarixni namoyish etgan. Afsuski, “xontaxta” filmlarga oʻrganib qolgan tomoshabin uni qabul qilishi oson kechmaydi, shu bois “Islomxoʻja” kinozallarni bir oylab toʻldirib tura olmasligi mumkin. Film mavzusi va janri o‘ta xosligini unutmaylik.
Lekin “Islomxoʻja” tomoshabinga haqiqiy tarixiy bilim beradi, ayni paytda estetik zavq ham bagʻishlay oladi. Uni hech ikkilanmasdan oʻzbek kinochiligining jiddiy yutugʻi deb ayta olaman. Film mahalliy va xalqaro telekanallarda muvaffaqiyatli namoyish etilishiga, festival va tanlovlarda qatnashib, munosib baho olishiga ishonaman.
Izoh (0)