Qamoqxona so‘zi ongimizda eng qorong‘u, mudhish assotsiatsiyalarni uyg‘otadi. Qamoq hayoti bilan bog‘liq madaniyat — kitob va filmlar ham bunday tasavvurlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ammo bir narsani unutib qo‘yamizki, u yerdagi mahbuslarning juda katta qismi xavfli retsidivist yoki kriminal olam vakillari bo‘lmay, kichik jinoyat va xatolari uchun jazo o‘tayotgan insonlarlir, va ular vaqti kelib jamiyat bag‘riga qaytadi hamda uning bir bo‘lagi sifatida yashashda davom etadi. Shunday ekan, nafaqat jazolash, balki tarbiyalash, sobiq mahbus jamiyatga og‘riqsiz qo‘shilib ketib, to‘laqonli hayot kechirishi qamoqxonalarda unga nisbatan qilinadigan muomala va munosabatga bog‘liqdir.
Amerikaga safarimiz chog‘ida bu yerdagi qamoqxonalardan birida bo‘lib, mahbuslarning huquqlari qay darajada ta’minlangani, ularni tarbiyalash ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgani, umuman penitensiar tizim qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
AQSh penitensiar tizimiga kiruvchi jazo o‘tash muassasalari ikki turga bo‘linadi: jail va prison. Jail — vaqtincha saqlash muassasasi bo‘lib, unda ayblanuvchilar sud tugaguniga qadar tutib turiladi. Odatda bu muddat olti oydan bir yilgacha davom etadi. Sud hukmi o‘qilgach, aybdor deb topilgan kishi prison’ga olib ketiladi va jazoning qolgan qismini o‘sha yerda o‘taydi. Biz tashrif buyurgan muassasa qamoqxonalarining jail turiga mansubdir.
Illinoys shtatining markazi — Chikago shahri Kuk okrugi tarkibiga kiradi. Ushbu okrug vaqtinchalik tutib turish qamog‘i — okrug sherifi ofisiga qarovchi Cook County Jail mamlakatda bu turdagi eng yirik muassasalardan biri hisoblanadi. Bu yerda 6100 dan ortiq mahbus tutib turiladi. Shuningdek, 2100 kishi uy qamog‘ida saqlanib, bevosita Cook County Jail’dan nazorat qilinadi. Mahbuslarning kattagina qismi (ayollarning 60 foizi, erkaklarning 30 foizi) aqlan ojiz bo‘lib, ular ko‘chada daydib yurgani yoki mayda bezorilikka qo‘l urgani bois olib kelinib, davolanadi.
Mahbuslarning 200 ga yaqini chet el fuqarolaridir.
Mahbuslarning 93 foizi tergovgacha tutib turiladi. Qolgan 7 foizi — bir yildan kamroq muhlatga qamoq jazosiga hukm qilinganlar.
Umuman olganda, mahbuslarning Cook County Jail’da o‘rtacha ushlab turilish muddati — 63 kun. Lekin AQSh qonunchiligining nozikliklari bu masalada ham kutilmagan holatlarni keltirib chiqargan: qotillik jinoyatiga qo‘l urgan besh nafar mahbus sud ishi hanuzgacha yakunlanmagani bois 11 yildan buyon ushbu muassasada saqlanadi.
Sim panjaralar orasidan avtoturargohga kirib borar ekanmiz, bizni kutib turgan qamoqxona matbuot kotibi Sofiya Ansoriyga ko‘zimiz tushdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, jazo muassasasida mas’uliyatli lavozimda faoliyat yuritayotgan qiz bizni iliqlik bilan qarshi olib, ofislar joylashgan binoga olib kirdi.
Binoning yuqori qavatlaridan birida bizga qamoqxona sxemasi namoyish etildi. Tushuntirilishicha, muassasa hududi ko‘plab bo‘limlarga (division) ajratilgan, har birida maxsus funksiyalar bajariladi yoki muayyan toifadagi mahbuslar saqlanadi. Ma’muriy binodan tashqari, oshxonada, tibbiy ko‘rik bo‘limida ofitserlik rutbasida bo‘lmagan, fuqaro maqomidagi xodimlar faoliyat yuritadi. Mahbuslar tutib turiladigan binolarda ofitserlar xizmat qiladi.
Qamoqxona bo‘ylab sayohatimiz boshlanishidan oldin diqqatga sazovor voqea ro‘y berdi. Sherif ofisida faoliyat yurituvchi Sheriflik adliya instituti direktori Xenki Gratto xonim qo‘limdagi yozuv daftarchasini ko‘rib, unda metall element borligini, bu bilan qamoqxonaga kirish mumkin emasligini aytdi. Daftarchamni vaqtinchalik topshirimga to‘g‘ri keldi — uning o‘rniga menga metall prujina o‘rnatilmagan boshqa yozuv daftari taqdim etildi. Daftardan tashqari, qamoqxona hududiga faqat bitta kamera olib kirishimizga ruxsat etildi, telefonlar mashinada qoldirildi.
Ofis binosidan maxsus mashinada qamoqxona hududiga borishda muassasa biqinida joylashgan okrug jinoyat sudi binosi oldidan o‘tdik. Sud kiraverishida tumonat odam to‘planib, qo‘llarida plakatlar ko‘targancha namoyish o‘tkazayotgan edi. Plakatlardagi yozuvlardan tushunishimizcha, Reynaldo Gevara ismli sudya tomonidan o‘qilgan hukmlar adolatsiz bo‘lgani bois u qamoqqa yuborgan mahbuslarning yaqinlari norozilik aksiyasi o‘tkazayotgan ekan.
Ro‘yxatdan va bir necha bosqichli xavfsizlik tekshiruvidan o‘tgach, nihoyat mahbuslar saqlanadigan xonaga kirdik.
Bitta umumiy zalda 23 ta kamera (cell) joylashgan . Cell’larning har birida ikki nafardan mahbus yashaydi.
Mahbuslar kameralardan chiqib, umumiy zalda ovqatlanishi, vaqt o‘tkazishi, televizor ko‘rishi va telefon orqali tashqari bilan gaplashishi mumkin.
Mahbuslar, shuningdek, tashqariga ham turli ishlarni bajarishga olib chiqiladi. Oshxona yumushlari, kir-chir yuvish, ko‘cha va xonalarni tozalash, dehqonchilik ishlari eng asosiy mashg‘ulotlar hisoblanadi. Gratto xonimning ta’kidlashicha, mahbuslar ayniqsa dehqonchilik ishlarini xush ko‘radi, negaki bu ularga kuni bilan ochiq osmon ostida bo‘lish, quyoshni ko‘rish imkonini beradi.
Darvoqe, qamoqxona tomorqasida yetishtirilgan sabzavotlar Chikagoning mashhur tamaddixonalariga, jumladan, Saprophina, Belly Sunday restoranlariga yetkazib beriladi.
Kelib tushgan pulning asosiy qismi qamoqxona ehtiyojlariga sarflanadi, kichikroq ulushi esa mehnat haqi sifatida mahbuslarning plastik kartalariga o‘tkazib beriladi — ular bu puldan maxsus do‘kon — Commissary’da kundalik xaridlarni amalga oshirish — qo‘shimcha ovqat, ichki kiyim, paypoq va maishiy buyumlar sotib olishda foydalanishi mumkin.
Sheriflik adliya instituti mahbuslar bevosita ishlab, ularning jamiyatdan uzilib qolmasligini ta’minlash uchun turli dasturlarni amalga oshiradi. Ayniqsa 18–24 yosh orasidagi mahbuslarga alohida e’tibor qaratiladi: ular har kuni 8 soat ochiq osmon ostida vaqt o‘tkazishi, ko‘proq foydali mehnat qilishi, kutubxona bo‘lishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, giyohvand moddalarga ruju qo‘yganlarga, ayollarga, e’tiqodli insonlarga mo‘ljallangan alohida dasturlar ishlab chiqilgan.
Mahbuslarning 7 foizini (400 kishi) ayollar tashkil qiladi. Ularni qamoqxonada zo‘ravonlikdan asrash, kriminal olamga kirib ketishlarining oldini olish va foydali mehnatga o‘rgatish ayollar dasturining asosiy vazifalaridir. Binoning beshinchi qavati ayollarga ajratilgan.
400 ayolning 12 nafari homilador; ularga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatib boriladi, salomatligi doimiy nazorat qilinadi. Qamoqxonada tug‘ilgan bolalar vasiylariga topshiriladi. Vasiylar bo‘lmagan taqdirda onasi qamoqdan chiqquniga qadar davlat muassasasida parvarish qilinadi.
Cell’lar bilan tanishuvdan so‘ng bizni uzundan-uzoq yo‘lkalar orqali yer osti qavatiga — mahbuslar taqsimlanadigan bo‘limga olib tushishdi. Bu yerda politsiyachilar tinimsiz u yerdan bu yerga o‘tib yurar, qandaydir qog‘ozlarni to‘lidirar, mahbuslarni olib kelar va olib ketar edi. Bezorilik, mayda o‘g‘rilik va boshqa sabablar bilan tutib kelinganlar, asosan yoshlar ochiq kameralarda uymalashib o‘tirib, taqdiri hal bo‘lishini kutardi. Qo‘limizdagi kameralarni ko‘rishi bilanoq ularning ba’zilari yuzlarini kiyimi bilan to‘sib oldi, ayrimlar esa baland ovozda suratga olishni to‘xtatishimizni talab qildi.
Diqqatimni tortgan bir jihat — Chikago aholisining asosiy qismini oq tanlilar tashkil etishiga qaramay, tutqunlar orasida foiz jihatdan afroamerikaliklar ko‘proq edi. Gratto xonimning uqtirishicha, qora tanlilarning katta qismi iqtisodiy nochor tumanlarda istiqomat qiladi, u hududlarda esa mayda bezorilik va jinoyatchilik nisbatan ko‘proq uchraydi.
Katta ochiq kameralardan tashqari, xavfli jinoyatchilarga mo‘ljallangan kichik yopiq kameralar ham bor ekan.
Shunday kameralardan biriga kirib suratga tushayotganimizda bir ofitser ayol “Endi bizlar bilan qolasizlar!” deb hazillashgancha bizni qulflab qo‘ymoqchi bo‘ldi. Bu voqea kayfiyatimizni ko‘tarib, muassasadagi tundlikni biroz bartaraf qilganday bo‘ldi.
Bo‘limda tutqunlar bir sutka davomida saqlanadi. 24 soat ichida ular yo chiqib ketadi (jinoyati jiddiy emasligi bois yoki garov puli evaziga) yoki yuqoriga — cell’larga o‘tkaziladi va sud hukmini kutadi.
Har kuni o‘rtacha 60 kishi tutib kelinadi. Yakshanba kunlari bu ko‘rsatkich 220 kishiga yetishi mumkin.
Mahbuslar sud majlisiga ham aynan shu bo‘limdan olib ketiladi.
Shu yerning o‘zida tutqunlar advokatlari bilan uchrashishi uchun maxsus xona bor.
Sayohatimizning keyingi qismida bizga serjant Tomas va serjant Lyuislar eshlik qilishdi. Ular bizga boshqa bo‘limlarni, xonalarni ko‘rsatib, ularda bajariladigan ishlarni tavsiflab berdi. Bu tafsilotlarning bayon etilishi o‘quvchini toliqtirib qo‘ysa kerak deb o‘ylayman, shu bois rasmlarni taqdim etish bilan cheklanaman.
Biz tashrif buyurgan yana bir diqqatga sazovor joylardan biri tibbiy bo‘lim bo‘ldi.
Bu yerda professional shifokorlar ishlaydi. Ular har kuni muayyan soatlarda mahbuslarni ko‘rikdan o‘tkazib, salomatligini tekshiradi, mahbuslar obamacare tibbiy sug‘urtasi bo‘yicha maxsus forma to‘ldiradi, kiyimini almashtiradi. Bir bemorga o‘rtacha 5–6 soat vaqt sarflanadi. Bir mahbusni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolashga (agar og‘ir xastaligi bo‘lmasa) kuniga 160 dollar sarflanadi.
Uzoq rasmiyatchilikdan so‘ng ular qo‘lga urgan jinoyatning og‘ir-yengilligiga qarab tasniflanib, minimum security, medium security yoki maximum security toifalaridan biriga kiritiladi hamda tegishli bo‘limga olib ketiladi. Rasmiy jarayonlar ancha murakkab algoritmlarga asoslangan. Aytaylik, kichik o‘g‘rilikka bir necha bor qo‘l urgan shaxs ham maximum security toifasiga kiritilishi mumkin.
Yangi kelgan mahbuslarning pulidan boshqa hamma narsasi olib qo‘yiladi. Pul plastik kartaga o‘tkazib beriladi. Undan Commissary orqali xaridlar amalga oshirilishida foydalanish mumkin.
Serjant Tomas xushmuomalaligi va professionalligi bilan bizda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Armiyada xizmat qilgach, politsiyaga ishga kirgan Tomas 54 yoshga to‘lganinga qaramay, hali ancha yosh ko‘rinadi. U bizga bergan intervyusida kasbi va hayotga bo‘lgan qarashlari haqida aytib berdi.
Cook County Jail’ga tashrifimiz yana bir qiziq voqea bilan yakunlandi. Serjant Tomas bilan esdalikka suratga tushayotganimizda qamoqxonaga olib kirib ketilayotgan bir quvnoq yigit hazillashib qo‘yishga qaror qildi (rasmning chap burchagida) va uning tabassumi bilan bezalgan unutilmas kadr paydo bo‘ldi. Bu voqea meni hatto qamoqxonada ham hayot tugamasligi, yaxshilikka umid har doim borligi haqida o‘ylashga majbur qildi.
Izoh (0)