Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on AQShda ishlab chiqarilgan elektronika mahsulotlarini boykot qilish rejalari haqida e’lon qildi, deb yozadi Meduza.
“Biz Amerika elektronikasiga boykot e’lon qilamiz. Ularda ayfon bo‘lsa, boshqa tomonda Samsung bor. Bizda ham o‘z smartfonimiz Vestel Venus bor”, — dedi Turkiya prezidenti.
Cheklovchi choralar qachon joriy qilinishi va ular aynan qanday turdagi mahsulotlarga taalluqli bo‘lishi haqida Erdo‘g‘on hozircha hech narsa aytgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avgust boshida AQSh Moliya vazirligi ikki turk vaziri — IIV rahbari Suleyman So‘ylu va Adliya vazirligi rahbari Abdulhamit Gyulga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bunga ularning amerikalik pastor Endryu Bransonni ta’qib etishdagi roli sabab bo‘ldi.
Turkiyada 20 yildan ortiq istiqomat qilgan pastor Endryu Branson muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishidan bir necha oy o‘tib, 2016-yilda Izmirda qo‘lga olingan edi. Branson Kurdiston ishchi partiyasi va Fathulloh Gulen tarafdorlari bilan aloqalarda ayblandi.
Keyinroq Donald Tramp Turkiyadan keltiriladigan alyuminiy va po‘lat uchun bojlarni ikki karra oshirishga qaror qildi. Buning oqibatida avgust o‘rtalarida turk lirasi keskin qadrsizlandi. Uning dollarga nisbatan kursi yil boshidan buyon 40 foizga pastladi.
Izoh (0)