Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva Bosh prokuraturani Marg‘ilondagi mehribonlik uyi xodimlariga chiqarilgan sud hukmini bekor qilish va mamlakatdagi barcha mehribonlik uylarini tekshirishga chaqirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Sayyora Xo‘jayeva murojaat matnini o‘zining Facebook sahifasida e’lon qilgan: “Farg‘ona viloyat sudining tarbiyachilar ustidan zo‘ravonlik qilish va pul o‘g‘irlashda aybdor deb topilgan Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi direktori va xodimlariga nisbatan o‘ta yumshoq hukm chiqargani holati bo‘yicha Sizga murojaat yo‘llamoqdamiz.
Bolalar uyi rahbariyati va xodimlari davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan pullarni o‘marish, shuningdek tarbiyachilarga nisbatan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik ishlatganlikda ayblangan”.
Institut O‘zbekiston sobiq Ittifoq mamlakatlari ichida birinchilardan bo‘lib BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasini ratifikatsiya qilgani va 2008-yilda “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni imzolaganini eslatib o‘tdi. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasida: “Davlat bolaning shaxsi, turar joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiyaning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqqa solishlardan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, jinoiy faoliyatga, fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etilishdan himoya qilishni amalga oshiradi”, — deyiladi.
Xuddi shu qonunning 11-moddasida esa: “Har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, — deyiladi.
“Marg‘ilon shahrida sodir bo‘lgan holat mazkur Mehribonlik uyi rahbariyati faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishga majbur hisoblangan vasiylik va homiylik organlari, xalq ta’limi organlari va boshqa nazorat qiluvchi organlarning to‘liq harakatsiz bo‘lganidan guvohlik beradi”, — deya ta’kidlanadi murojaatda.
Sayyora Xo‘jayeva sud tomonidan jinoyatchilarga chiqarilgan jazo choralari jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilinganini ta’kidlab o‘tdi: “Fuqarolar nafaqat mansab jinoyatlari, balki mazkur Mehribonlik uyi xodimlarining hayvoniy instiktlari iskanjasida qolgan himoyasiz bolalar ustidan tahqirlashga nisbatan yumshoq hukm chiqarilganidan g‘azabga kelmoqda”.
Bundan tashqari, “Farg‘ona viloyat sudi mazkur Mehribonlik uyini nazorat qiluvchi yuqori vasiylik va homiylik organlari, shuningdek xalq ta’limi organlari harakatsizligiga ham baho berishi, Xalq ta’limi vazirligiga bolalar muassasalarida bu kabi noma’qulchiliklarning takrorlanmasligi uchun hodisaga aloqador javobgar shaxslarni intizomiy choralarga tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish to‘g‘risida hukm chiqarishi lozim edi”, — deyiladi xatda.
Institut bosh prokurorga yumshoqlik uchun sud hukmini bekor qilishga norozilik kiritish, shuningdek, Mehribonlik uyi faoliyatiga aloqador va javobgar shaxslar harakatsizligiga munosib baho berishni iltimos qilib murojaat qildi.
Bosh prokurorning qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanini hisobga olib, institut undan “fuqarolarning bu kabi jinoyatlarni sodir etishdan ogohlantirish maqsadida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Jinoyat kodeksining voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan jinoyat sodir etganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risidagi taklifni kiritishni so‘radi.
Qo‘shimcha ravishda keng jamoatchilikni jalb etgan holda O‘zbekistondagi mehribonlik uylarini hamkorlikda tekshirishga chaqirdi. “Institut mazkur tadbirda faol ishtirok etishga tayyor”, — deyiladi murojaatda.
Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishida sudlanuvchilar voyaga yetmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. Mazkur jinoyat ishini ko‘rish 2018-yil 18-aprelda boshlangan. May oyining oxirida sud guvohlar va jabrlanuvchilar ko‘rsatmalarini tinglagan. Iyul oyining boshida sud o‘z hukmini e’lon qilgan.
Izoh (0)