2018-yil 2-avgust kuni Toshkent harbiy okrugi harbiy qism va muassasalari miqyosida “Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ushbu tadbirda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, O‘zbekiston xalq shoirlari Mahmud Toir va Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi Dilorom Ismoilova, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi mintaqaviy bo‘limi a’zosi Qahramon Haydarov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Chirchiq shahar kengashi raisining o‘rinbosari Nargiza Kenjayevalar ishtirok etdi.
Tanlovda harbiy qismlarda o‘tkazilgan bellashuvlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 20 nafar harbiy xizmatchilar o‘zaro bellashdilar.
Shuningdek, Markaziy harbiy okrugda ham tanlovning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Samarqanddagi “Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasida o‘tkazilgan tanlovda harbiy qism va muassasa vakillari ishtirok etib, “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni” va “Buyuk mutafakkir va adib” shartlari bo‘yicha o‘zaro bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov g‘oliblari okrug qo‘shinlari qo‘mondonlarining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlovning keyingi bosqichi, shuningdek Janubi-g‘arbiy maxsus, Sharqiy va Shimoli-g‘arbiy harbiy okruglarda ham o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz,“Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘trasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 3721-sonli qarorining ijroisini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)