Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilfuza Jalilova o‘zbek kino sanoatidagi muammolar haqida fikr bildirdi, deb yozmoqda O‘zA.
— Ishlab chiqarilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasining pastligi, ssenariynavislik, rejissorlik va aktyorlik ishlarining lozim darajada sifatli emasligi, yoshlar uchun ma’naviy namuna bo‘lib xizmat qiladigan badiiy obrazlarning ko‘pincha mavjud emasligi yosh avlodni jasorat va qat’iyatlilik ruhida tarbiyalash, “ommaviy madaniyat”ga yot unsurlariga qarshi kurashish kabi milliy kinematografiyaning asosiy maqsadlarini amalga oshirish imkonini bermayapti. Bu, albatta, sohaning taraqqiy etishiga va kino bozorida raqobatbardoshligini oshirishga g‘ov bo‘ladigan asosiy to‘siqlardir. Keyingi yillarda suratga olingan ayrim kinolarning boshlanishi bilan uning qanday yakun topishi, hatto qahramonlarining qanday xatti-harakat qilishi-yu hayot yo‘llari, umuman, asar sujetini oldindan taxmin qilib bilib olish mumkin. Bu kabi omillar o‘zbek kinosi saviyasining tobora tushib borishi, jahon kino bozoridagi past mavqeyida yaqqol aks etib, o‘zbek brendining dunyoga tanilishida to‘siq bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 24-iyulda Prezidentning “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Izoh (0)