“2018-yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot“ kanalida ma’lum qilingan.
Qarorga muvofiq arzon uy-joylarning dastlabki badali quyidagicha belgilandi:
1) qishloq joylarda:
0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki, uch, to‘rt, besh qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) va 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun – 10 foiz miqdorida;
0,04 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 xonali arzon uy-joylar uchun – 25 foiz miqdorida;
2) shaharlarda dastlabki badalning tabaqalashtirilgan miqdorini amaliyotga joriy etgan holda o‘rtacha 15 foiz miqdorida.
Mazkur ipoteka kreditlari 2018-yil 1-iyuldan 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi.
Eslatib o‘tamiz, arzon uy-joylar uchun dastlabki badal shu kunga qadar sotib olinadigan uy-joy qiymatining kamida 25 foizini tashkil etishi lozim edi.
Izoh (0)