Joriy yilning 18-avgust kuni Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida Osiyo o‘yinlari boshlanadi. Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori etib Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi hisoblangan bokschi Isroil Madrimov tayinlangani haqida xabar berilgandi. Bokschining o‘zi esa bunga quyidagicha munosabat bildirdi.
“Bu haqda murabbiyim internet orqali ushbu xabar havolasini yuborganidan so‘ng bildim. Men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Judayam xursandman. Bu men uchun katta sharaf. Albatta, har bir professional sportchi qatorida men ham mamlakatim bayroqdori bo‘lishni orzu qilardim, ammo kutmagandim. Chunki, bizda iste’dodli sportchilar yetarli. O‘zimga bildirilayotgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. Qattiq tayyorgarlik ko‘rib, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘laman”, — dedi Isroil Madrimov.
Ma’lumot uchun 2014-yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarida ushbu vazifa dzyudochi Rishod Sobirovga ishonib topshirilgandi.
Izoh (0)