16-iyul kuni O‘zbekistonning elchisi Bahromjon A’loyev (qarorgohi Kuvaytda) Qatar amiri o‘rinbosari shayx Abdulla bin Hamad as-Soniyga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qisqa marosimdan keyin bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Qatar amiri o‘rinbosari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga amir Tamim bin Hamad as-Soniyning samimiy hurmat va ehtiromini yetkazib qo‘yishni so‘radi. “Biz O‘zbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya, barqarorlik va tinchlikni ta’minlash, shuningdek arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faol tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi u.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni jadallashtirish muhimligini e’tirof etdi. O‘zbekistonda chet el investitsiyalari uchun yaratilgan qulay sharoitlar uning iqtisodiyotiga Qatar investitsiyalarining jalb qilinishiga zamin yaratishi ta’kidlandi.
Izoh (0)