Afg‘oniston shimolidagi Saripul viloyatida IShID terrorchilik guruhi xudkushi tomonidan amalga oshirilgan portlash oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Khaama Press agentligi xabar bermoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
Afg‘oniston qurolli kuchlarining mamlakat shimolidagi 209-korpusi vakili Muhammad Xanif Rizoiyning ma’lum qilishicha, portlash 17-iyul, seshanba kuni Sayyod tumanida, “Tolibon” harakati yetakchilaridan biri Muhammad Gazanfarning dafn marosimida yuz bergan. Marosim chog‘ida IShID xudkush-terrorchisi portlovchi qurilmani ishga tushirgan.
Portlash oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, uch kishi yaralangan. Viloyat hukumati vakili 15 kishi qurbon bo‘lganligi va besh kishi jarohat olganligini ma’lum qilgan.
Rizoiyning qo‘shimcha qilishicha, Gazanfar 16-iyul kuni IShID jangarilari bilan to‘qnashuvda halok bo‘lgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)