Qozog‘istonning Olmaota shahrida 5 yoshli Dina ismli qizga kamyob tashxis qo‘yildi — u 1 yilda 10 yoshga qarib boryapti. Bu haqda “Nuz.kz” xabar bermoqda.

Foto: “Nur.kz”

Dinaning onasi farzandini o‘zga sayyoralik deb ataydi. Gap shundaki, qizaloq progeriya nomli kamyob kasallikka chalingan. Bu xastalik oqibatida bola tez qarishni boshlaydi. Hozir Dina 5 yoshda, biroq uning biologik yoshi 50 da. Uning sochlari to‘kilgan, tashqi ko‘rinishidan ham tengqurlaridan farq qiladi.

Dinaning onasi — Irina Vdovichenkoning so‘zlariga qaraganda, qizaloq o‘z muddatida, me’yordagi og‘irlik va bo‘y bilan tug‘ilgan. Biroq tug‘uruqxonadan chiqishi bilan ona farzandining qornidagi terisi kuygandey ko‘rinishi, oyoqdagi terisi esa apelsin po‘stlog‘iga o‘xshab qolganini sezgan.

“Birinchi tashxisni Dinaga 1 oyligida bolalar nevrologi qo‘ygan. Dastlabki tashxis — teri kasalligi. Bir yoshgacha Dinaning terisi tekis va silliq bo‘lgan. Biroq 1 yarim yoshida qizaloq yana o‘zgarishni boshlagan, uning sochlari to‘kilib, Dinaning o‘zi o‘sishdan to‘xtab qolgan. Davolash va terapiya muolajalari faqatgina vaqtinchalik natijani berar edi”, — deydi Dinaning onasi Irina.

2 yoshida qizaloq nogironligi bor deb tan olingan. 2018-yilda genetiklar Dinaga progeriya tashxisini qo‘ygan. Bugungi kunda qizaloqning bo‘yi — 90 santimetr, og‘irligi — 10 kilogramm.

Irina qizini xorijda davolatish va genetik tekshiruvdan o‘tkazish uchun pul jamg‘armoqda. Ayol farzandini yolg‘iz voyaga yetkazadi. Oilaning o‘z uyi yo‘q, ular Irinaning akasi bilan birga yashaydi.

Foto: “Nur.kz”

Foto: “Nur.kz”