Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Bo‘z tuman sudida sudlanuvchi Jahongirmirzo Bultirboyevga (1991-yilda Andijon viloyatining Andijon tumanida tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha jarayon nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov ma’lumoti asosida “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan, muqaddam sudlanmagan J.Bultirboyevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi “b” bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Bo‘z tuman sudi Jahongirmirzo Bultirboyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli hukm qilish) qo‘llab, tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, unga 2 yillik sinov muddati belgiladi.
Izoh (0)