“Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bilan Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy bo‘linmalari tashkil etilgan edi.
Mazkur Farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq:
- trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun attestatsiyadan o‘tkazish va ruxsatnomalar berish, shuningdek, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini pasportlashtirish hisobidan tushadigan mablag‘larning bir qismi jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalaridan biri hisoblanadi;
- jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning moddiy bazasini shakllantirish, sport tadbirlari o‘tkazish, inshootlar qurilishi hamda hududlardagi sport bo‘limlari faoliyatini moliyalashtirish, sport ta’lim muassasalari va tashkilotlarini professional sport anjomlari, uskunalari va liboslari bilan ta’minlash, iste’dodli yosh sportchilar, murabbiylar va mutaxassislarni rag‘batlantirish, ularning xorijiy davlatlarga tashriflarini tashkil etishga ko‘maklashish, futbol assotsiatsiyasi faoliyatiga ko‘maklashish — jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi;
- hujjatga ko‘ra, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzurida qayta tashkil etilayotgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va uning hududiy bo‘linmalarining barcha mol-mulki va mablag‘lari tegishli ravishda jamg‘armaga o‘tkaziladi;
- qaror bilan shuningdek jamg‘arma nizomi ham tasdiqlandi.
Izoh (0)